Psixologlar uzoq vaqtdan beri insonlardagi nafratga beriluvchanlik ularning siyosiy e'tiqodlarini qanchalik tushuntirib berishi mumkinligini o'rganib kelishadi. 24 ta tadqiqot tahliliga ko'ra, o'zini osonroq nafratlanadigan deb ta'riflagan shaxslar ko'proq ijtimoiy konservativ qarashlarga ega bo'lishi aniqlangan. Ushbu nazariyalardan biri evolyutsiyaga borib taqaladi va nafrat insonni kasalliklardan himoya qilish uchun paydo bo'lganini taxmin qiladi.
Shu bilan birga, AQShdagi siyosiy doiralar va ommaviy axborot vositalari bu tushunchani turli maqsadlarda talqin qilmoqda. Xususan, Amerika rejimining amaldagi va sobiq siyosiy arboblari o'z nutqlarida ifloslanish va patogenlarga qarshi ritorikadan foydalanib kelishadi. Masalan, Donald Tramp o'zining saylovoldi kampaniyasi davrida immigratsiya masalasiga to'xtalib, muhojirlar mamlakat qonini zaharlayotganini iddao qilgan edi. Shuningdek, uning o'zini ochiqchasiga mikroblardan qo'rquvchi (germofob) deb atagani ham ma'lum.
Biroq, mutaxassislar nafrat va konservatizm o'rtasidagi bog'liqlik unchalik ham kuchli emasligini tan olishadi. Britaniyalik va niderlandiyalik tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan so'nggi ilmiy ishlar avvalgi taxminlarni to'liq tasdiqlamagan. Masalan, siyosiy ruhshunos Bert Bakker jismoniy reaksiyalarning siyosiy guruhlar kesimida farq qilishini isbotlovchi dalillar yetarli emasligini ta'kidlagan. Kanadalik psixolog Yoel Inbar ham mavjud dalillar yetarlicha mustahkam emasligini va bu boradagi gipotezalar hali ko'p muhokama qilinishini qayd etgan.
Tadqiqotchilar inson o'z tanasining ichki signallarini qanday qabul qilishi — interotseptsiya muhim rol o'ynashini taxmin qilishmoqda. Londondagi Universitet kolleji qoshidagi Siyosiy hissiyotlar markazi vakili Manos Sakirisning fikricha, o'z tanasining his-tuyg'ularini tushunishda qiynaladigan fuqarolar tashqi siyosiy xabarlarga ko'proq beriluvchan bo'lishi mumkin. Bunday manipulyatsiyalar esa oddiy shaxslarga nisbatan moral hukmlarni butun boshli guruhlarga nisbatan nafratga aylantirishi ehtimoldan xoli emas.
Source: www.dw.com