Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Dushanba kuni poytaxt Toshkent shahrida atmosfera havosi sifati xalqaro havo sifati indeksi (AQI) ma'lumotlariga ko'ra, aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug'diruvchi darajada saqlanib qolishi taxmin qilinmoqda. Poytaxtda havo holatini yaxshilash va nazorat qilish maqsadida tuzilgan maxsus komissiya aholini yana bir bor ogohlantirib, vaziyatning murakkablashayotganini ta'kidladi.

Ma'lum qilinishicha, 26-oktabrga o'tar kechasi havodagi mayda dispers zarrachalar konsentratsiyasi keskin ortib, xalqaro AQI standarti bo'yicha ifloslanish darajasi “noqulay” toifasiga yetgan. Milliy indeks bo'yicha esa shahar bo'yicha o'rtacha ko'rsatkichlar PM2.5 zarrachalari bo'yicha “o'rtacha”, PM10 zarrachalari bo'yicha esa ehtiyotkor guruhlar uchun xavfli hisoblangan “zarg'aldoq” darajadagi ifloslanishni qayd etgan.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, tungi vaqtda havo haroratining keskin pasayishi, shamol tezligining sustlashuvi hamda yaqqol namoyon bo'lgan harorat inversiyasi atmosferaning quyi qatlamlarida tabiiy havo almashinuvini cheklab qo'ygan. Buning oqibatida zararli zarrachalar yerga yaqin qatlamda to'planib qolgan.

O'tkazilgan instrumental o'lchovlar va sun'iy yo'ldosh ma'lumotlari ham ushbu salbiy jarayonni tasdiqlab, tonggi soatlarda ham shahar uzra chang-g'ubor qatlami saqlanib qolganini ko'rsatdi.

Source: www.gazeta.uz