Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainadagi mustaqil xalqaro tergov komissiyasi o‘zining navbatdagi hisobotida Rossiya tomonidan mamlakat energetika infratuzilmasiga qaratilgan harakatlarni keskin qoraladi. Dushanba kuni BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etilgan hujjatda ta’kidlanishicha, 2022-yil kuzidan buyon davom etib kelayotgan isitish tizimlari, elektr tarmoqlari va gaz obyektlariga qilingan muntazam hujumlar qishning sovuq havosini qurolga aylantirish va tinch aholiga aziyat yetkazish maqsadini ko‘zlaydi.

Hisobotda qayd etilishicha, Kiyev rejimi nazoratidagi hududlarda energiya sektoriga berilgan yirik miqyosdagi zarbalar aholining turmush sharoitini keskin og‘irlashtirgan. Xususan, 2025–2026-yilgi qish mavsumida harorat -21 darajagacha pasaygan bir paytda millionlab odamlar isitish, elektr energiyasi, suv va gaz ta’minotisiz qolgani aytilmoqda. Komissiya vakillari Rossiya qo‘mondonlari ushbu obyektlarning tinch aholi uchun hayotiy muhimligini oldindan bilgan holda qasddan hujum uyushtirganini da’vo qilmoqda.

Shuningdek, komissiya rahbari Erik Mose sovuq mavsum yaqinlashgani sari hujumlar yana-da jadallashganini va bu fuqarolarning hayotiga jiddiy xavf solayotganini bildirgan. Hujjatda, shuningdek, xorijiy fuqarolarni Rossiya Qurolli Kuchlari safiga yollash jarayonida odam savdosi alomatlari aniqlangani va xalqaro huquq normalari buzilgani iddao qilingan.

Tomonlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar davom etar ekan, yaqinlashib kelayotgan qish faslida inqiroz yana-da chuqurlashishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Moskva va Kiyev bir-birini tinch aholi punktlarini o‘qqa tutishda ayblashda davom etmoqda, bu esa mojaroning yaqin orada tinch yo‘l bilan hal etilishiga umid qoldirmayapti.

Source: www.aljazeera.com