Altsgeymer kasalligiga chalingan shaxslarning qonida HAEE moddasining konsentratsiyasi xotira hamda tafakkurida buzilishlar aniqlanmagan sog'lom odamlarga nisbatan deyarli ikki barobar kamligi ma'lum bo'ldi. Ushbu ilmiy xulosaga 350 nafar ishtirokchining qon namunlarini o'rganib chiqqan tadqiqotchilar guruhi kelishdi. Ularning fikricha, mazkur modda kelgusida ushbu og'ir xastalikni erta bosqichda aniqlash uchun yangi tahlil turini ishlab chiqishda qo'l kelishi mumkin.
Tadqiqot Rossiyaning to'rtirik shahrida – Moskva, Sankt-Peterburg, Tomsk va Nijniy Novgorodda tashkil etildi. Unda Altsgeymer xastaligi tashxis qo'yilgan 200 nafar bemor hamda nazorat guruhiga kiritilgan 150 nafar sog'lom ko'ngilli ishtirok etdi. Olimlar to'rt aminokislotadan iborat kichik birikma bo'lgan HAEE peptidining miqdorini o'lchab ko'rishdi.
Natijalarga ko'ra, nazorat guruhidagi ishtirokchilarda uning o'rtacha konsentratsiyasi bir millilitr qon uchun 360,5 pikogrammni tashkil etgan bo'lsa, bemorlarda bu ko'rsatkich atigi 175 pikogrammga teng bo'ldi. Shu bilan birga, moddaning darajasi kasallikning og'irlik darajasiga bevosita bog'liq emasligi aniqlandi – turli bosqichdagi bemorlar orasida sezilarli tafovutlar kuzatilmadi.
Dastlab bu peptid Altsgeymer kasalligida miyada to'planib qoladigan beta-amiloid oqsiliga qarshi ehtimoliy vosita sifatida o'rganilgan edi. Laboratoriya tajribalarida peptid ushbu oqsil yig'indilarining hosil bo'lishiga to'sqinlik qilgan. Biroq HAEE'ning inson qonidan topilishi mutaxassislar uchun kutilmagan holat bo'ldi. Endi tadqiqotchilar uning konsentratsiyasidan qon tahlili orqali kasallik belgilarini qidirishda foydalanish mumkinligini taxmin qilishmoqda.
Shunga qaramay, ushbu metodning ishonchliligi hali yetarli darajada emasligi ta'kidlanmoqda. Tanlangan chegara qiymatida test bemorlarning taxminan 84 foizini to'g'ri aniqlagan bo'lsa-da, sog'lom odamlarda kasallikni istisno qilish qobiliyati ancha past chiqdi. Shuningdek, tadqiqotda tashxislar maxsus miya tekshiruvlarisiz klinik belgilar asosida qo'yilgani kabi cheklovlar ham mavjud.
Source: podrobno.uz