Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan Respublika aerogeodeziya markazi binosi ochiq savdolarda muvaffaqiyatli sotildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma'lumotlariga ko‘ra, qariyb 1,14 gektar yer maydoniga va salkam 10 ming kvadrat metr bino maydoniga ega bo‘lgan mazkur obyekt "E-auksion" platformasi orqali kimoshti savdosiga qo‘yilgan edi.
Savdo jarayonida boshlang‘ich narxi 157,8 milliard so‘m etib belgilangan obyekt uchun ikki nafar talabgor o‘zaro kurash olib bordi. Qizg‘in kechgan savdolar yakuniga ko‘ra, "UTKIR SHOP" MChJ 213 milliard so‘mlik taklifni ilgari surib, g‘olib deb topildi. Natijada, yakuniy qiymat boshlang‘ich narxga nisbatan 55,2 milliard so‘mga yoki qariyb 35 foizga oshgani qayd etildi.
Imzolangan shartlarga muvofiq, Respublika aerogeodeziya markazi binosi sotuvdan keyin yana bir yil davomida ushbu manzilda bepul faoliyat yuritishda davom etadi va belgilangan muddat tugagachgina to‘liq xaridorga topshiriladi. Shuni ham ta'kidlash joizki, lot shartlarida yangi mulkdor zimmasiga qo‘shimcha investitsiya kiritish yoki yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha qat'iy majburiyatlar yuklanmagani ma'lum qilindi.
Xaridor uchun qulay to‘lov shartlari ham taqdim etilgan bo‘lib, jumladan, olti oy ichida to‘liq to‘lov amalga oshirilgan taqdirda jami summaga nisbatan 25 foiz miqdorida chegirma berilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bo‘lib to‘lash imkoniyatlari ham mavjud bo‘lib, uch oyda 35 foiz yoki olti oyda 50 foiz to‘langan taqdirda qolgan qismni mos ravishda besh va yetti yil davomida foizsiz to‘lab borish mumkin. Obyekt davlat aktivlarini xususiylashtirishning yangi mexanizmlari doirasida savdoga chiqarilgan.
Source: kun.uz