Yaponiyaning Okinava prefekturasida sodir etilgan og‘ir jinoyat mahalliy aholining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Ma'lum qilinishicha, Futenma havo Bazasiga biriktirilgan AQSh rejimi harbiysi 39 yoshli ayolni o‘ldirish va uning buyumlarini talon-taroj qilishda gumonlanib rasman ayblangan.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, 20 yoshli Devin Jeykob Ballard Nahadagi mehmonxonada Anna Yagini telefon simi yordamida bo‘g‘ib o‘ldirganlikda va uning ryukzagi hamda hamyonini o‘g‘irlab ketganlikda gumon qilinmoqda. Garchi gumon qilinuvchi dastlab aybini rad etgan bo‘lsa-da, tergovchilar uning ishtirokini tasdiqlovchi ba'zi ko‘rsatmalar berganini bildirishmoqda. Shuningdek, xavfsizlik kameralari yozuvlarida shubhali shaxsning ayol bilan mehmonxonaga kirib, yolg‘iz chiqqani aks etgani da'vo qilinmoqda.
Ushbu fojeali hodisa yapon jamiyatida qattiq g‘azab to‘lqinini keltirib chiqardi. Mamlakat rasmiylari, jumladan, bosh vazir Sanae Takaiti sodir etilgan jinoyatni o‘ta shafqatsiz deb baholadi. Okinava gubernatori Genta Koja AQSh rejimining Okinavdagi harbiylari intizomi keskin pasayib ketganini ta'kidlab, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rilishini talab qildi.
Ta'kidlash joizki, bu Okinavdagi AQSh harbiylari ishtirokidagi ilk jinoyat emas. Hududda 55 mingga yaqin AQSh harbiylari joylashgan bo‘lib, ular avval ham turli jinoyatlar, jumladan, zo‘ravonlik va talonchiliklarda ayblangan edi. Joriy holat fonida Tokiyo va Nahada norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z noroziligini bildirib, adolat qaror topishini talab qilmoqda.
Source: www.bbc.co.uk