Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda shifokorlarni tayyorlash jarayonini isloh qilish hamda tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha rag‘batlantirish choralarini ko‘rish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalar e’lon qilindi. 27-oktabr kuni sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev sohadagi mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda respublikaning 11 ta davlat oliy o‘quv yurtida yiliga 15 ming nafardan ziyod mutaxassis tayyorlanayotganiga qaramazdan, bitiruvchilarning amaliy tayyorgarligi har doim ham talab darajasida bo‘lmayapti. Prezident zamonaviy klinikalar qurish va eng so‘nggi uskunalarni olib berish yetarli emasligini, boshqa sohalardan farqli o‘laroq, tibbiyotda xodimning xato qilishga haqqi yo‘qligini qat’iy ta’kidladi.

Shu munosabat bilan, kadrlar tayyorlash tizimini amaliyot bilan uzviy bog‘lash maqsadida 2027-yildan boshlab talabalar haftada uch kun bevosita bemorlar bilan ishlashni o‘rganishi belgilanmoqda. Shuningdek, oxirgi o‘quv yili to‘liqligicha amaliyotga yo‘naltirilishi, rezidentura esa mutaxassislikka qarab ikki yildan besh yilgacha davom etib, to‘liq bepul bo‘lishi va 3 million so‘m miqdorida stipendiya to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish maqsadida tuman bo‘g‘inidagi eng yaxshi shifokor va hamshiralar uchun tanlovlar o‘tkazilishi, g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar, jumladan elektromobillar taqdim etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Abu Ali ibn Sino nomidagi alohida davlat mukofotini ta’sis etish taklif etilib, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining yagona elektron reyestrini bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz