Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 7−8-noyabr kunlari Samarqand shahri yirik sport bayramiga mezbonlik qiladi. Shaharda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Samarkand Marathon Series 2026 marafoni boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, u o‘ziga xos madaniy va sport dasturlarini qamrab oladi.
Tadbirlar dasturiga ko‘ra, musobaqa Samarkand Marathon Expo bilan ochiladi. Shuningdek, ishtirokchilar 2 km va 5 km masofalarga yugurish, 2 km masofaga skandinavcha yurish, inklyuziv yugurish hamda bolalar uchun maxsus Kids Run musobaqalarida o‘z kuchlarini sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Asosiy marafon qatnashchilari 42,2 km, yarim marafon ishtirokchilari 21,1 km, shuningdek, 10 km masofaga yugurish musobaqasi ham tashkil etiladi.
Musobaqalarning start chizig‘i tarixiy Registon maydonida joylashishi ko‘zda tutilgan. Qatnashchilar qadimiy shaharning diqqatga sazovor tarixiy obidalari bo‘ylab yugurib o‘tishadi, bu esa tadbirga alohida joziba bag‘ishlaydi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, marafon doirasida “Avvalgidan tozaroq” nomli ekologik dastur ham amalga oshiriladi.
Ekologik tashabbuslar doirasida plastik chiqindilarni kamaytirish, ko‘p marta ishlatiladigan materiallarga o‘tish, chiqindilarni saralash hamda plogging aksiyalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, sport tadbirlari bilan bir qatorda ma’ruzalar, shahar bo‘ylab ertalabki ekskursiyali yugurishlar va kechki konsert dasturlari ham tashkil etilishi kutilmoqda.
Marafon an’anaga ko‘ra xayriya maqsadlarini ko‘zlaydi va tushgan mablag‘lar hududlarda bolalar sport maydonchalarini barpo etishga yo‘naltiriladi. Tashkilotchilar vakili Mirxan Sagitovning so‘zlariga ko‘ra, bu yil xorijdan qiziqish sezilarli darajada ortib, 63 ta davlatdan 1,5 mingdan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tgan va Samarqandni Markaziy Osiyoning asosiy marafon markaziga aylantirish maqsad qilingan.
Source: www.gazeta.uz