Chexoslovakiyaning sobiq prezidenti Vatslav Gavelning 1990-yil 28-oktabrda mamlakat mustaqilligining 72 yilligi munosabati bilan so‘zlagan tarixiy nutqi jamiyatdagi chuqur ziddiyatlarni ochib berdi. Kommunistik rejim qulagach, chexlar va slovaklar o‘rtasidagi yashirin noroziliklar ochiq maydonga chiqdi. Gavel o‘z murojaatida xalqni ogohlikka chaqirib, davlatning kelajagi xavf ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirgandi.
Sobiq dissident va dramaturg bo‘lgan Gavel hokimiyatga kelganidan so‘ng tez orada jamiyatda tushkunlik, murosasizlik va o‘zaro g‘arazgo‘ylik kuchayganini tan olgan edi. Uning ta’kidlashicha, eski tizimni yo‘q qilish oson kechgan bo‘lsa-da, yangi demokratik va federativ tuzilmani barpo etish qobiliyati xavotirli darajada ortda qolayotgandi. Slovaklar federatsiyada o‘zlarini kamsitilgan his qilib, o‘z suverenitetini talab qila boshlagan edi.
Vatslav Gavel chexlar va slovaklarni bir-birini tushunishga, mensimaslik illatidan xalos bo‘lishga hamda millatchilik safsatalariga berilmaslikka da'vat etgandi. Biroq uning ogohlantirishlari natija bermadi va 1992-yilda Slovakiya suverenitet e’lon qildi. Gavel esa bo‘linishga bosh bo‘lishni istamay iste’foga chiqdi va 1993-yilda “baxmal ajrashuv” natijasida Chexoslovakiya ikki mustaqil davlatga bo‘linib ketdi.
Source: www.gazeta.uz