Dunyo bo'ylab ko'p yillik sayohatni amalga oshirishi kerak bo'lgan "Villa Vie Odyssey" nomli hashamatli kruiz kemasi o'z faoliyatini vaqtincha to'xtatishga majbur bo'ldi. AQShda joylashgan kema operatorining xabar qilishicha, bu qaror yoqilg'i narxining misli ko'rilmagan darajada oshib ketgani ortidan qabul qilingan va buning natijasida yo'lovchilar Kambodjada qiyin ahvolda qolgan.
Ma'lum qilinishicha, kema bortida taxminan 200 nafar yo'lovchi bo'lgan, biroq kemaning o'zi 650 nafargacha odamni sig'dira oladi. Ushbu muammo Eron atrofidagi ziddiyatlar sababli global yoqilg'i narxining keskin sakrashi bilan bog'liq. Osiyo mintaqalarida har bir kayuta uchun oylik yoqilg'i xarajatlari 1,800 dollardan naq 8,000 dollargacha qimmatlashgani aytilmoqda.
Kompaniyaning ta'kidlashicha, ular xarajatlarni kamaytirish uchun tezlikni pasaytirish va portlarda ko'proq vaqt o'tkazish kabi choralarni ko'rgan, biroq bu ham inqirozning oldini olishga yetmagan. Shuningdek, yoqilg'i narxining oshishini to'liq ravishda yo'lovchilar zimmasiga yuklash ham adolatsizlik deb topilgan.
Sihanoukvil port shahrida kemadan tushirilgan yo'lovchilar endi vaqtincha mehmonxonalarga joylashtirilmoqda. Kompaniya vakillarining so'zlariga ko'ra, oldindagi 60 kun davomida moliyaviy qayta qurish ishlari olib boriladi, biroq mazkur urinishlar muvaffaqiyatli yakunlanishiga hech qanday kafolat berilmayapti.
Eslatib o'tamiz, mazkur loyiha AQSh rejimi rahbari Donald Trampning saylovdagi g'alabisidan so'ng mamlakatni tark etmoqchi bo'lganlar uchun maxsus paketlarni ham taklif qilgan edi. Hozirda ba'zi yo'lovchilar uyga qaytishni istamay, kema yana o'z yo'lida davom etishidan umid qilib Kambodjada qolishmoqda.
Source: www.bbc.co.uk