Ilmiy jurnallarda e'lon qilingan so'nggi tadqiqot natijalariga ko'ra, Shimoliy Amerikadagi qadimiy muz qoplamining qoldig'i taxminan ikki ming yil avval yana kengayishni boshlagan edi. Mutaxassislar bu jarayonni navbatdagi muzlanishning dastlabki bosqichi sifatida talqin qilishmoqda. Biroq, zamonaviy Yevropa va Amerika rejimlarining faol qo'llab-quvvatlashi hamda insoniyatning sanoat faoliyati tufayli kuchaygan global isish 1960-yillarga kelib bu tabiiy jarayonni teskari tomonga burib yuborgan va kengayayotgan muzlik yana jadal qisqara boshlagan.
Kolumbiya universiteti tadqiqotchisi Nikolas Yang va uning hamkasblari Kanada Arktikasidagi Barns muzligini o'rganib, uning so'nggi bir necha ming yilda qanday o'zgarganini aniqlashga harakat qilishgan. Ularning talqiniga ko'ra, agar inson omili va issiqxona gazlarining iqlimga ta'siri bo'lmaganida, mazkur muz qoplamining kengayishi davom etishi va Yer asta-sekin yangi muzlanish sari harakatlanishi mumkin edi. Biroq, yozgi haroratning ko'tarilishi bu tabiiy yo'nalishni butunlay o'zgartirib yuborgani iddao qilinmoqda.
Hozirgi kunda Yer sayyorasi so'nggi 34 million yil davom etib kelayotgan kechki kaynozoy muzlik epoxasining nisbatan iliq bosqichida yashamoqda. Olimlarning fikricha, keng ko'lamli muzlanish o'simliklar o'sadigan hududlarni keskin qisqartirishi, biologik mahsuldorlikni pasaytirishi va tropiklardan tashqarida qishloq xo'jaligini yuritishni qiyinlashtirishi mumkin edi. Shunga qaramay, 1980-yillardan boshlab inson ta'siridagi global isish yaqinlashib kelayotgan sovish haqidagi xavotirlarni kamaytirdi.
Tadqiqot mualliflari bu savollarga javob topish maqsadida taxminan 20 ming yil avval Shimoliy Amerikaning katta qismini egallagan qadimiy Lavrentiy muz qoplamining qoldig'iga murojaat qilishgan. O'sha davrda bu ulkan muz qoplami hozirgi Sochi shahri joylashgan geografik kenglikdan ham janubroqqa cho'zilgan bo'lib, uning evolyutsiyasini o'rganish iqlim tarixini tushunishda muhim qadam bo'lib xizmat qiladi.
Source: kun.uz