Bosib olingan G‘arbiy Sohilda beton va tikanli simlardan iborat ulkan to‘siq millionlab falastinliklarni o‘z yerlari, oilalari va qo‘shni aholi punktlaridan ajratib qo‘yishda davom etmoqda. Isroil rejimi tomonidan 2002-yildan buyon qurilayotgan va umumiy uzunligi 712 kilometrga yetishi rejalashtirilgan ushbu ayirmachi devor 1949-yilgi rasmiy chegara chizig‘i bo‘ylab emas, balki Falastin hududining ichkarisiga chuqur kirib borgan. 2004-yilda BMT Xalqaro sudi ushbu inshootni noqonuniy deb topgan bo‘lsa-da, Isroil rejimi xalqaro huquq normalarini ochiqdan-ochiq mensimay, to‘siqlar barpo etishda davom etmoqda. Shu sababli falastinliklar har yili 9-noyabrni — 1989-yilda Berlin devori qulagan tarixiy sanani — ushbu noqonuniy devorga qarshi xalqaro kurash kuni sifatida nishonlaydi.
Asosiy faktlar: Rejalashtirilgan 712 kilometrlik to‘siqning qariyb 64 foizi (456 km) qurib bitkazilgan bo‘lib, uning 85 foizi bevosita G‘arbiy Sohil hududi ichidan o‘tadi. BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) ma’lumotlariga ko‘ra, hududda 3,4 million falastinlikning harakatlanish erkinligini cheklovchi 925 ta nazorat punkti, yo‘l to‘siqlari va sun’iy g‘ovlar mavjud. Shahar joylarida devor balandligi 9 metrga yetadi, bu esa o‘z davridagi Berlin devoridan ikki baravar baland demakdir.
Mazkur ajratuvchi to‘siq Berlin devoridan to‘rt barobar uzunroq bo‘lib, nafaqat jismoniy monelik, balki butun bir xalqni ijtimoiy-iqtisodiy bo‘g‘ish quroliga aylangan. Devor va chegara oralig‘idagi maxsus hududda 14 mingdan ortiq falastinlik yashaydi va ular hatto eng oddiy xizmatlar, bozorlar yoki qarindoshlari bilan uchrashish uchun ham Isroil rejimi askarlari o‘rnatgan qat’iy tekshiruv punktlaridan o‘tishga majbur. Ayniqsa, fermerlar bu bosimdan eng ko‘p jabr ko‘rmoqda: 150 ga yaqin jamoaning haydaladigan yerlari devorning narigi tomonida qolib ketgan bo‘lib, ularga yetib borish uchun maxsus ruxsatnomalar talab qilinadi. Devor bo‘ylab joylashgan 62 ta qishloq xo‘jaligi darvozasining aksariyati yil davomida yopiq qolmoqda, masalan, 2025-yilgi zaytun hosili paytida bu darvozalarning 74 foizi faqat sanoqli kunlardagina ochilgan.
Qalqilya kabi yirik shaharlar deyarli butunlay o‘rab olingan bo‘lib, ularning atrofidagi aholi punktlari bilan tabiiy aloqalari uzilgan. Bir paytlar bir necha daqiqa vaqt olgan oddiy qatnovlar endilikda soatlab davom etadigan tekshiruvlar yoki uzoq aylanma yo‘llarga aylanmoqda. OCHA hisobotida ta’kidlanishicha, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddus bo‘ylab joylashgan 925 ta to‘siq orasida 89 ta doimiy, 218 ta oraliq nazorat punkti hamda yuzlab temir darvozalar mavjud. Yillar davomida bu infratuzilma yanada qat’iylashib, falastinliklarning erkin yashash va harakatlanish huquqini muntazam ravishda poymol qilib kelmoqda.
Mahalliy aholi va faollar esa qanchalik baland bo‘lmasin, bu to‘siqlar baribir qulashiga ishonch bildirmoqda. Berlin devori misolida ko‘rsatilganidek, xalqlarni sun’iy to‘siqlar ortiga qamab qo‘yishga qaratilgan har qanday repressiv chora uzoq muddat barqaror tura olmaydi. Xalqaro hamjamiyatning Isroil rejimiga nisbatan bosimi yetarli emasligiga qaramay, falastinliklar o‘z yerlariga bo‘lgan huquqlarini talab qilishdan va bu tizimli ayirmachilikka qarshi kurashishdan to‘xtamoqchi emas.
Source: www.aljazeera.com