Tailand hududida bundan 33–38 million yil avval yashagan, vazni taxminan 30 kilogrammga yetadigan ulkan kemiruvchi qoldiqlari aniqlandi. Xalqaro tadqiqotchilar guruhi o'n yilliklar davomida topilmagan yangi turni ikkita toshqotgan tishni o'rganish orqali aniqlashga muvaffaq bo'ldi va bu ilmiy olamda katta qiziqish uyg'otdi.
Asosiy faktlar: Olimlar Tailand janubi-g'arbiy sohilidagi ko'mir konidan topilgan ikki dona yirik tishni o'rganib chiqdi. Yakamys sirindhornae deb nomlangan bu qadimgi kemiruvchi o'z davrining eng yirik turi hisoblanib, uning vazni qunduznikiga o'xshash bo'lgan.
Nomaʼlum kemiruvchining pastki jagʻiga tegishli katta oziq tishi va kurak tishi 2004-yildayoq Krabi viloyatidagi koʻmir shaxtasidan topilgan edi. Biroq, oʻsha paytda olimlarda hayvonning qaysi turga mansubligini aniqlash uchun yetarli maʼlumot va zamonaviy texnologiyalar boʻlmagan. Tailand, Fransiya va Kanada tadqiqotchilari bu topilmaning sirini yigirma yildan koʻproq vaqt oʻtgachgina ochishga muvaffaq boʻldi. Tadqiqot natijalari nufuzli Scientific Reports jurnalida eʼlon qilindi.
Tishlarning batafsil tahlili koʻrsatishicha, hayvon paleogen davrida yashab oʻtgan va yoʻqolib ketgan Ischyromyidae oilasiga mansub boʻlgan. Ushbu oila vakillari Shimoliy Amerika, Osiyo va Yevropada keng tarqalgan boʻlib, hozirgi kemiruvchilar egallab turgan ekologik nishalarni band qilgan. Yangi tur ilm-fanni qoʻllab-quvvatlashi bilan tanilgan Tailand malikasi Sirindxorn sharafiga Yakamys sirindhornae deb ataldi.
Mutaxassislarning baholashicha, ushbu kemiruvchining tana vazni 21,4 kilogrammdan 47,3 kilogrammgacha oraliqda boʻlib, oʻrtacha 30 kilogrammni tashkil etgan. Bu esa uni paleogen davrining eng yirik kemiruvchisiga aylantiradi. Olimlarning taʼkidlashicha, mazkur kashfiyot Janubi-Sharqiy Osiyoda kechki eotsendayoq nihoyatda yirik kemiruvchilar yashaganini isbotlaydi va qadimgi hayvonlar evolyutsiyasi haqidagi tasavvurlarni kengaytiradi.
Source: kun.uz