Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Butun dunyo bo‘yicha 2 milliarddan ortiq inson organizm uchun muhim bo‘lgan mikroelementlar va vitaminlar yetishmovchiligidan jiddiy zarar ko‘rmoqda. Garchi bu muammo asosan Global Janub mamlakatlariga to‘g‘ri kelsa-da, o‘zini iqtisodiy jihatdan rivojlangan deb e’lon qilgan G‘arb davlatlarida, jumladan Germaniya va AQShda ham vaziyat kutilganidan ancha ayanchli ekani ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislar ushbu holatni «yashirin ochlik» deb atamoqda, chunki inson yetarlicha kaloriya qabul qilgan taqdirda ham uning tanasi zarur moddalardan bebahra qolmoqda.

Asosiy faktlar: Butun dunyoda 2 milliarddan ziyod inson yashirin ochlik domida qolgan bo‘lsa, 645 millionga yaqin kishi surunkali to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. Birgina Germaniyada har yili noto‘g‘ri ovqatlanish asoratlari oqibatida 50 mingga yaqin o‘lim holati qayd etiladi. AQSh aholisining qariyb to‘rtdan uch qismi D vitamini me’yoriga yetkazib iste’mol qilmaydi.

Mazkur inqiroz faqatgina oziq-ovqat yetishmasligidan emas, balki qashshoqlik va sifatsiz iste’mol madaniyatidan kelib chiqmoqda. G‘arbdagi ijtimoiy tabaqalanish tufayli aholining nochor qatlamlari arzon, ammo mikroelementlardan mutlaqo xoli bo‘lgan «bo‘sh kaloriyalar» — tez tayyorlanadigan taomlar, oq non va qayta ishlangan mahsulotlarga bog‘lanib qolgan. Shu bilan birga, zamonaviy qishloq xo‘jaligida hosildorlik va saqlash muddatini oshirishga haddan tashqari urg‘u berilishi sababli meva va sabzavotlar tarkibidagi tabiiy vitaminlar miqdori yildan-yilga kamayib borayotgani ta’kidlanmoqda.

Germaniya Oziqlanish tibbiyoti jamiyati (DGEM) sobiq vitse-prezidenti, mutaxassis Mattias Pirlixning so‘zlariga ko‘ra, bu xastalik uzoq vaqt hech qanday belgisiz rivojlanadi: «Aksariyat hollarda dastlabki bosqichda hech narsani sezmaysiz. Oylarcha D vitamini yoki B12 yetishmovchiligi bo‘lishi mumkin, ammo asab tizimi zararlanishi kabi alomatlar paydo bo‘lganda esa ko‘pincha kech bo‘ladi». Surunkali B12 yetishmovchiligi orqa miya shikastlanishiga, oyoq-qo‘llarning uvishishiga va hatto falajlikka olib kelsa, yod tanqisligi qalqonsimon bez faoliyatini izdan chiqaradi.

Mutaxassislar ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar va tushkunlik holatlari to‘yib ovqatlanmaslik xavfini yanada kuchaytirayotganini qayd etmoqda. Tahlilchilar fikricha, agar davlatlar aholining sifatli va to‘yimli oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini kafolatlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rmasa, ushbu surunkali yetishmovchilik global sog‘liqni saqlash tizimlariga ulkan iqtisodiy va demografik zarar yetkazishda davom etadi.

Source: www.dw.com