Yukatan yarimorolidagi ko'l cho'kindilarini o'rgangan xalqaro arxeologlar guruhi qadimgi mayyalar ishlatgan simob mahalliy ekologik halokatga sabab bo'lganini aniqladi. Suvning kimyoviy ifloslanishi klassik davrda mayya sivilizatsiyasi inqirozini ham kuchaytirgan bo'lishi mumkin.
Asosiy faktlar: Tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, milodiy 250–300-yillar orasida Koba ko'lida simob konsentratsiyasi gramm uchun 2,3 mikrogrammni tashkil etgan, Shkançe senotida esa bu ko'rsatkich 720-yilda gramm uchun 18 mikrogrammgacha chiqqan. Ushbu zaharli darajalar zamonaviy ekologik xavfsizlik me'yorlaridan sezilarli darajada yuqori bo'lib, suv ekotizimining izdan chiqishiga olib kelgan.
Qadimgi mayyalar og'ir metallardan faol foydalangan bo'lib, ular suyuq simob va kinovar qazib olgan. Bu mineral binolar, idishlar va dafn joylarini bezashda qizil bo'yoq sifatida qo'llangan. Avvaliga tarixchilar zaharli materiallardan faqat zodagonlar marosimlar o'tkazishda foydalangan, deb hisoblagan, biroq vaqt o'tishi bilan oddiy aholi ham zaharlanishdan aziyat chekkani ma'lum bo'ldi.
Mutaxassislar suvning ifloslanish tarixi va uning biologik oqibatlarini o'rganish uchun Koba ko'li va Shkançe senotining tub cho'kindilaridan namunalar olgan. Radiouglerod usuli yordamida qatlamlarning yoshi aniqlanib, zamonaviy xavfsizlik me'yorlari bilan solishtirilgan. O'lchovlar natijasida kimyoviy ifloslanish darajasi o'ta yuqori bo'lgani va oziq zanjiri jiddiy shikastlangani aniqlandi.
Biologik markerlar oziq zanjiri izdan chiqqanini ko'rsatdi: fotosintez qiluvchi bakteriyalar va suv o'tlari yo'qolgan, ularning ortidan mayda suv jonivorlari ham qirilib ketgan. Zaharli loyqa qatlamlarida shilliqqurtlarning chig'anoqlari butunlay g'oyib bo'lgan. Olimlarning ta'kidlashicha, kelgusida ushbu hududlardagi boshqa suv havzalarini ham o'rganish ishlari davom ettiriladi.
Source: kun.uz