Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh poytaxti Vashington shahrida Donald Tramp rejimi tashabbusi bilan qurilishi rejalashtirilgan ulkan tantanavor arka atrofidagi bahslar keskin tus olib, sudga qadar yetib bordi. Loyiha qurilish uchun yakuniy rejalashtirish ruxsatini olganiga qaramay, federal sudya qurilish ishlarini 14 kunga vaqtincha toʻxtatish haqida qaror chiqardi. Ushbu mojaro Amerikaning asosiy tarixiy markazlaridan biridagi meʼmoriy oʻzgarishlar va qonuniy vakolatlar masalasida jiddiy ziddiyatlar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Asosiy faktlar: Federal sudya Tanya Chutkan Vashingtondagi 76 metrlik monumental arka qurilishini 14 kunga toʻxtatib turish haqida vaqtinchalik taqiq chiqardi. Loyiha tarafdorlari buni AQSh tarixining 250-yilligiga bagʻishlangan ramziy qadam deb daʼvo qilayotgan boʻlsa, qarshi chiqqanlar shahar muhiti va qonunbuzarliklarga eʼtibor qaratmoqda.

Gap balandligi taxminan 76 metr, yaʼni 250 fut boʻlgan ulkan inshoot haqida ketmoqda. Arka Vashingtondagi Linkoln memoriali va Arlington milliy qabristoni oraligʻidagi Memorial Circle hududida qurilishi rejalashtirilgan edi. Oq uy taqdim etgan loyiha tasvirlarida inshoot oq rangda, oltin tusdagi bezaklar va tepasida uchta yirik haykal bilan tasvirlangan. Rejim uni mamlakat harbiy xizmatchilari xotirasini ulugʻlash ramzi sifatida taqdim etishga urinmoqda.

Biroq loyiha atrofida jiddiy eʼtirozlar va jamiyatda keskin noroziliklar yuzaga keldi. Arkaning qurilishiga qarshi chiqqanlar orasida Vetnam urushi faxriylari, Vashington shahri va Virjiniya shtati vakillari bor. Ularning fikricha, bunday yirik inshootni qurish uchun Kongressning tegishli ruxsati talab etiladi. Shuningdek, qurilish transport harakatiga, hudud ekologiyasiga va Arlington qabristonining tarixiy muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi aytilmoqda.

Nizoning asosiy nuqtasi huquqiy masalaga borib taqalmoqda. AQSh rejimi maʼmuriyati 1925-yilda qabul qilingan qonunni ushbu loyihaga asos qilib koʻrsatayotgan boʻlsa, daʼvogarlar bu qonun yangi monumental inshoot qurishga yetarli vakolat bermasligini taʼkidlamoqda. Milliy poytaxt rejalashtirish komissiyasi loyihani maʼqullaganiga qaramay, sudya Chutkan daʼvogarlarning eʼtirozlari jiddiy asosga ega ekanini taʼkidlab, qurilish bilan bogʻliq barcha ishlarni vaqtincha muzlatib qoʻydi.

Source: kun.uz