Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Futbol boʻyicha Eron ayollar terma jamoasining besh nafar aʼzosi Avstraliyaning gumanitar vizasini qoʻlga kiritdi, bu ularga mamlakatda qolish va vatanlariga qaytmaslik imkonini beradi. Bu voqea Osiyo Kubogi doirasidagi oʻyin paytida milliy madhiyani kuylashdan bosh tortgan futbolchilarga nisbatan Eronda boshlangan norozilik harakatlari fonida sodir boʻldi. Eron davlat televideniyesi ularni “xoinlar” deb atagan va ularga o‘z vatanida tahdid boʻlishi mumkinligini bildirgan.

Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Berk BBC xabariga koʻra, futbolchilar “xavfsiz joyga koʻchirilganini” maʼlum qildi. U: “Ular siyosiy aktivist emasliklarini aniq bildirib qoʻymoqchi. Ular xavfsizlikda boʻlishni istagan sportchilardir”, deb taʼkidladi. Vazir boshpana olgan futbolchilarning ismlarini ham ochiqladi: Fateme Pasandide, Zaxra Ganbari, Zaxra Sarbali, Atefe Ramezanizade va Mona Xamudi.

2-mart kuni Eron ayollar terma jamoasi Avstraliyada Osiyo Kubogidagi ilk oʻyinini oʻtkazdi. Milliy madhiya yangrayotgan paytda eronlik futbolchilar sukut saqlab turishdi, ayrimlari esa jilmayib qoʻydi. Sportchilarning bu harakati Eron hukumatiga qarshi protestmi yoki Isroil va AQSh zarbalariga nisbatan norozilikmi – bu nomaʼlum. Shunga qaramay, Eronda ularning bu ishi mamlakat hukumatiga qarshi namoyish sifatida baholandi.

Huquq himoyachisi va Avstraliya erkaklar terma jamoasining sobiq sardori Kreyg Fosterning taʼkidlashicha, koʻplab eronlik sportchi ayollarni uyda oilalari kutmoqda, ayrimlarining esa Eronda zaif ahvolda qolib ketishi mumkin boʻlgan farzandlari bor. Uning soʻzlariga koʻra, agar futbolchi ayollarga Avstraliyada qolish taklif qilinsa ham, ularning koʻpchiligi bu imkoniyatdan voz kechishi mumkin.

Oʻz navbatida, Avstraliya Qochqinlar kengashi (RCOA) Eron ayollar futbol terma jamoasining besh aʼzosiga gumanitar vizalar berilgan kunning oʻzidayoq bosh vazir Entoni Albanezening hukumati ularning Avstraliyaga kirishiga umuman yoʻl qoʻymasligi mumkin boʻlgan qonun loyihasini taqdim etganini bildirdi. Kengash “Migratsiyaga oid oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirmoqda.

Source: www.gazeta.uz