Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jizzax viloyatida DPS xodimi, katta leytenant F.M., ichkilikboz holda mashina haydagan shaxsga nisbatan tuzilgan maʼmuriy protokol bo‘yicha sud orqali masalani hal qilishni vaʼda qilib, 700 AQSh dollari miqdoridagi porani olayotgan paytda qo‘lga olindi. Bu voqea Ichki ishlar vazirligi (IIV) O‘z xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan korrupsiyaga qarshi tadbirlar doirasida aniqlangan, operativ chora-tadbirlar Davlat xavfsizligi xizmati (DXH) va prokuratura xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, ushbu maʼmuriy ish bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni o‘z vaqtida sudga yo‘llamagan boshqa bir xodimning harakatlariga ham huquqiy baho berilmoqda. Voqea bo‘yicha prokuratura tomonidan katta leytenant F.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 25, 211-moddalari (Poraga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda qo‘lga olinib, vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan, hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Andijon viloyatida esa, 2-mart kuni Buvston tumanida 21 yoshli A.N. Gentra avtomobilida 5 yoshli bolaga urib yuborgan, natijada bola jismoniy jarohat olgan. 16-mart kuni haydovchi A.N.ning otasi Andijon viloyati DXH boshqarmasiga murojaat qilib, DPS katta inspektori, mayor I.U. sud-tibbiy ekspertiza xulosasini o‘zgartirish va masalani ijobiy hal qilish uchun 500 AQSh dollari talab qilayotganini bildirgan va unga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishni so‘ragan. Arizaga asosan 16-mart kuni operativ chora-tadbirlar o‘tkazilib, I.U. talab qilingan 500 AQSh dollarini olgani, pul uning xizmatiy kabinetida bo‘lgani aniqlandi.

Bu voqea bo‘yicha Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi (Pora olish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ilgari Jizzaxda bir oy ichida ikkita DPS xodimi qo‘lga olingan edi, ulardan biri ichkilikboz haydovchiga nisbatan maʼmuriy protokol tuzmaslik uchun 1500 AQSh dollari talab qilgan.

Source: kun.uz