Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘tgan hafta Xiva shahrida “Markaziy Osiyo — Germaniya” ekspertlar forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov bilan suhbatlashildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga chiqmoqda. Agar ilgari asosiy e’tibor aloqalarni kengaytirish va alohida loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan bo‘lsa, hozirda uzoq muddatli natijaga yo‘naltirilgan chuqur va mazmunli kooperatsiya modeli shakllanmoqda.

Aripov uchta ustuvor yo‘nalishni ajratib ko‘rsatdi. Birinchisi — iqtisodiy va texnologik kooperatsiya. Bu sohada hamkorlik an’anaviy “xomashyo — tayyor mahsulot” modelidan uzoqlashib, qo‘shilgan qiymatni birgalikda yaratishga yo‘naltirilmoqda. Markaziy Osiyo bunday o‘tish uchun zarur shart-sharoitlarga ega: mintaqaning umumiy YAIM miqdori 560 milliard dollardan oshadi, yillik o‘sish sur’atlari qariyb 6 foiz darajasida barqaror saqlanib qolmoqda. Germaniya esa murakkab industrial tizimlarni barpo etish imkonini beruvchi noyob muhandislik maktabi, ishlab chiqarish madaniyati va texnologiyalar sohibidir.

Ikkinchi yo‘nalish — “yashil” transformatsiya va resurslarni boshqarish. Suv resurslari, energetika va iqlim o‘zgarishi masalalari mintaqaning uzoq muddatli barqarorligi bilan bevosita bog‘liq. Germaniya “yashil” transformatsiya sohasida — qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishdan tortib, energiya samaradorligi va tartibga solish sohasidagi kompleks boshqaruv yechimlarini shakllantirishgacha bo‘lgan ulkan tajribaga ega. KfW va GIZ kabi institutlar, shuningdek, Lahmeyer International kabi ixtisoslashgan kompaniyalar ishtirokida loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchinchi yo‘nalish — inson kapitalini rivojlantirish. Markaziy Osiyo sezilarli demografik salohiyatga ega: 2050-yilga kelib mintaqa aholisi 100 million kishiga yaqinlashishi mumkin, shu bilan birga, yoshlar ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, kasb-hunar ta’limining nemischa modeli, avvalo, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy aloqani ta’minlovchi dual tizim alohida qiziqish uyg‘otadi. Hozir GIZ, DAAD va Goethe-Institut ishtirokida malakali kadrlar tayyorlash, kasbiy ta’limni rivojlantirish, akademik almashinuv va ilmiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.

Aripovning ta’kidlashicha, nemis sheriklar Germaniya mintaqada vazmin va pragmatik siyosat yuritayotganini bir necha bor ta’kidlab o‘tishdi. Berlin boshqa sheriklarning o‘rnini egallash vazifasini qo‘ymaydi va Markaziy Osiyoni geosiyosiy raqobat maydoni sifatida ko‘rmaydi. Aksincha, texnologiyalar sohasidagi sheriklik, investitsiyaviy hamkorlik va barqaror rivojlanishga urg‘u bergan holda, mavjud hamkorlik tizimini tabiiy ravishda to‘ldirishga intiladi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun bunday yondashuv prinsipial ahamiyatga ega, chunki mintaqa izchil ravishda o‘z o‘ziga xosligini raqobat emas, balki hamkorlik maydoni sifatida shakllantirmoqda.

Transport yo‘nalishi alohida ahamiyatga ega. Global logistika transformatsiyasi sharoitida Germaniya ishonchli va diversifikatsiya qilingan yo‘nalishlarga qiziqish bildirmoqda, Markaziy Osiyo esa Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatidagi rolini kuchaytirmoqda. Bunda gap tobora ko‘proq shunchaki tranzit haqida emas, balki logistika sanoat va servis tarkibiy qismlari bilan to‘ldiriladigan to‘laqonli iqtisodiy koridorlarni shakllantirish haqida bormoqda.

Shu bilan birga, Germaniya va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida farqlar ham saqlanib qolmoqda. Iqtisodiy tuzilmasi va rivojlanish darajasi turlicha bo‘lgan sheriklar uchun bu tabiiy holdir. Ushbu tafovutlar, ayniqsa, energiya o‘tish sur’atlari va ekologik standartlarga yondashuvlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Germaniya tezlashtirilgan dekarbonizatsiya mantig‘i asosida harakat qilmoqda, mintaqa davlatlari esa ekologik vazifalar, energetika xavfsizligi va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlash zaruratidan kelib chiqmoqda. Biroq bu tafovutlar cheklov bo‘lib xizmat qilmaydi, aksincha, ular o‘zaro hamkorlikka qo‘shimcha mazmun bag‘ishlaydi.

Aripovning fikricha, eng katta foydalanilmagan salohiyat bugungi kunda aynan hamkorlik boshlangan, biroq hali tizimli darajaga chiqmagan yo‘nalishlarda to‘plangan. Birinchidan, bu strategik xomashyoni chuqur qayta ishlashdir. Markaziy Osiyo “yashil” energetika, elektronika va akkumulyatorlar uchun o‘ta muhim baza hisoblangan mis, uran, nodir va kamyob metallarning salmoqli zaxiralariga ega. Nemis kompaniyalari an’anaviy ravishda uskunalar, kimyoviy texnologiyalar va injiniring sohasida kuchlidir. Ikkinchidan, raqamli iqtisodiyot va IT. Bir tomondan, Markaziy Osiyo tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan kadrlar bozori bo‘lib, u yerda har yili mehnat bozoriga 1,5−2 milliongacha yosh mutaxassis kirib kelmoqda. Boshqa tomondan, Germaniya malakali kadrlarning doimiy taqchilligiga duch kelmoqda. Uchinchidan, mehnat migratsiyasi va malakali kadrlar bozori. Germaniya tomonining o‘zbekistonlik hamshira va feldsherlar uchun Germaniyada 800 ga yaqin bo‘sh ish o‘rnini ochish bo‘yicha so‘nggi qarorlari juda muhim signaldir.

Source: www.gazeta.uz