Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida nutq so‘zlab, O‘zbekistonni “global ishbilarmonlar hamjamiyati uchun ishonchli va barqaror mamlakat” deb atadi.

Uning ta’kidlashicha, o‘n yil oldin ochiqlik, inklyuzivlik va pragmatizmga tayangan holda Yangi O‘zbekistonni barpo etish boshlangan. Shu davrda uzoq muddatli o‘sish uchun mustahkam asos — qulay ishbilarmonlik muhiti, barqaror sanoat bazasi va yangi infratuzilma yaratilgan.

10 yil ichida iqtisodiyot hajmi 50 milliard dollardan 147 milliard dollargacha oshgan, joriy yilda 8 foizdan yuqori o‘sish prognoz qilinmoqda (o‘tgan yili 7,7 foiz). Mamlakatga 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etilgan, tovar va xizmatlar eksporti qariyb 3 baravarga ko‘paygan.

Prezident hozirgi global beqarorlik sharoitida ham O‘zbekiston barqaror o‘sish dinamikasini namoyish etayotganini, iqtisodiyot ko‘p qirrali bo‘lib borayotganini, ichki bozor kengayayotganini va zamonaviy texnologiyalar, infratuzilma hamda sifatli ish o‘rinlariga talab ortayotganini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev yosh, faol va tez o‘sib borayotgan aholini O‘zbekistonning asosiy ustuvorliklaridan biri deb atadi, biroq demografik o‘sishning o‘zi muvaffaqiyatni kafolatlamasligini ta’kidlab, bu salohiyatni kuchli intellektual resurs — kompetensiyalarga, unumdorlikka, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar va texnologiyalar yaratish qobiliyatiga aylantirish zarurligini aytdi.

U islohotlarning boshidanoq hukumat “bozor samaradorligi va ijtimoiy mas’uliyatni uyg‘unlashtirishga” intilganini, bu iqtisodiy rivojlanishning o‘zbek modeliga xos xususiyat ekanini ta’kidladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston-2030” taraqqiyot strategiyasi doirasida aholi daromadlarini o‘rtachadan yuqori darajaga ko‘tarish, barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan ko‘proqqa oshirish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev investorlarni yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yangi industrial zanjirlarni yaratishga chaqirib, kompetensiyalarni, ishlab chiqarish va ishlanmalarni chuqur mahalliylashtirish, shuningdek zamonaviy injiniring va yangi eksport yo‘nalishlarini rivojlantirish ustuvor vazifa ekanini aytdi.

Davlat-xususiy sheriklik formatida energetika, aviatsiya, ta’lim, geologiya va boshqa tarmoqlarda hamkorlikning katta salohiyati mavjudligi, hamkorlar nafaqat ichki bozor, balki qo‘shni mamlakatlar va mintaqalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatidan foydalanishi mumkinligi qayd etildi.

Prezident kapital bozorini rivojlantirish va jahon standartlari asosida ishlaydigan barqaror moliyaviy va investitsiyaviy platformani shakllantirish maqsadida Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish boshlanganini ma’lum qilib, barchani 16-18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etdi.

Source: www.gazeta.uz