Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab 14,6 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bankning navbatdagi sharhida ma’lum qilindi.

Valyuta taklifi hajmi 12,2 milliard dollarga yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga ko‘pdir. Ko‘rsatkich regulyator operatsiyalarini hisobga olmagan holda keltirilgan.

Valyutaning asosiy xaridorlari yuridik shaxslar bo‘lib qolmoqda. Yanvar-mart oylarida ularning talabi o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga oshgan, biroq talabning o‘sish sur’atlari taklif o‘sishidan sezilarli darajada yuqori bo‘lgan.

Regulyatorning qayd etishicha, biznes tomonidan talabning oshishi iqtisodiy faollikning kuchayishi, jumladan, investitsiya va iste’mol talabining ortishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu importning kengayishiga olib kelgan. Xususan, tashqi savdo operatsiyalarini moliyalashtirish, shuningdek, uskunalar, xomashyo, iste’mol tovarlari va dori-darmonlar importiga bo‘lgan ehtiyoj oshgan.

Shu fonda ichki valyuta bozorida milliy valyuta kursining zaiflashish tendensiyasi kuzatilgan.

Valyuta taklifi manbalari eksport tushumlari, banklarning tashqi qarzlari va xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘lgan. Pul o‘tkazmalari hajmi 3,8 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga oshgan.

Qo‘shimcha taklif aholi operatsiyalari hisobiga shakllangan: jismoniy shaxslar banklarga 6 milliard dollar xorijiy valyuta sotgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,5 baravar ko‘p. Xarid hajmi 3,2 milliard dollarni tashkil etib, 31 foizga oshgan. Natijada ijobiy saldo 2,9 milliard dollarga yetgan.

Xarid qilingan valyutaning katta qismi importga yo‘naltirilgan: taxminan 47 foizi uskunalar, xomashyo va ishlab chiqarish tovarlari xaridiga, 29 foizi valyuta kreditlarini to‘lashga, 20 foizi iste’mol tovarlari va dori-darmonlar importiga, 1 foizi esa xorijiy investorlar daromadlarini repatriatsiya qilishga sarflangan.

Talabning o‘sishiga qaramay, valyuta tushumlarining ko‘payishi keskin kurs tebranishlarining oldini olishga imkon bergan. Birinchi chorakda kunlik o‘rtacha o‘zgaruvchanlik darajasi o‘tgan yilgi 0,1 foizga nisbatan 0,2 foizni tashkil etgan.

Source: kun.uz