O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha oylik ish haqi 6 million 825 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,4 foizga oshgan.
Eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, u 11 million 684 ming so‘mni tashkil qilgan. Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati (8 million 453 ming so‘m), uchinchi o‘rinda esa Toshkent viloyati (6 million 169 ming so‘m) joylashgan.
Eng past ko‘rsatkichlar Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida kuzatilgan. Qashqadaryoda o‘rtacha ish haqi 4 million 665 ming so‘m, Surxondaryoda 4 million 724 ming so‘m, Farg‘onada esa 5 million 19 ming so‘mni tashkil etgan.
Faqat Toshkent shahri va Navoiy viloyati respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan, qolgan barcha hududlarda esa bu ko‘rsatkich pastroq. Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi farq sezilarli: eng yuqori va eng past o‘rtacha ish haqi o‘rtasidagi tafovut taxminan 2,5 barobarni tashkil qilmoqda.
2020-yilda hududlar o‘rtasidagi farq 96 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda 2,03 barobarga, 2022-yilda 2,17 barobarga, 2023-yilda 2,25 barobarga, 2024-yilda 2,5 barobarga yetgan. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich 2,4 barobarga tushgan.
Eng yuqori o‘rtacha ish haqi quyidagi sohalarda qayd etilgan: bank, sug‘urta, lizing va kredit-vositachilik faoliyati – 18 million 595 ming so‘m; axborot va aloqa – 16 million 525 ming so‘m; transport va saqlash – 10 million 709 ming so‘m; sanoat – 8 million 25 ming so‘m; savdo – 7 million 213 ming so‘m; qurilish – 6 million 496 ming so‘m; san’at, ko‘ngilochar va dam olish sohasi – 5 million 357 ming so‘m; turar joy va ovqatlanish xizmatlari – 5 million 331 ming so‘m; ta’lim – 4 million 615 ming so‘m; sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar – 4 million 111 ming so‘m.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ish haqi mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan mos ravishda 32,4% va 39,8% pastligicha qolmoqda.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning baholashicha, so‘nggi sakkiz yil ichida eng katta o‘sish ko‘chmas mulk operatsiyalari sohasida (deyarli 7 barobar), moliya va sug‘urta sektorida (taxminan 5 barobar) hamda axborot-kommunikatsiya sohasida (4,8 barobar) kuzatilgan. Sog‘liqni saqlashda ish haqi 2,9 barobar, ta’limda esa 2,7 barobar oshgan.
Ta’limdagi o‘sish sur’atlari boshqa tarmoqlardan past bo‘lib, bu sohaning umumiy ish haqi tarkibidagi nisbiy o‘rnining pasayishiga olib kelgan.
Source: kun.uz