O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi choragida tug‘ilishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan, o‘limlar esa ortgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etilgan.
1-aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 38 million 382 ming 700 kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 foizga ko‘paygan.
2026-yilning yanvar-mart oylarida qayd etilgan tirik tug‘ilganlar soni 191,1 ming nafarni, har ming aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 20,2 promilleni tashkil etdi. Tug‘ilganlar soni 2025-yilning shu davriga nisbatan 7 ming nafarga kamaygan.
Vafot etganlar soni 43,5 ming kishini, har ming aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,6 promilleni tashkil etdi. Vafot etganlar soni 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,1 ming nafarga ko‘paygan.
Tug‘ilganlardan o‘g‘il bolalar soni 98,5 ming (jami tug‘ilganlar soniga nisbatan 51,5%), qiz bolalar soni 92,6 ming (48,5%) va shahar joylarida 93,7 ming (49,1%), qishloq joylarida 97,4 ming kishini (50,9%) tashkil etdi.
Vafot etganlardan erkaklar 24,3 ming (jami vafot etganlar soniga nisbatan 55,8%), ayollar 19,2 ming (44,2%) va shahar joylarida 23,9 ming (54,9%), qishloq joylarida 19,6 ming kishini (45,1%) tashkil qildi.
Source: www.gazeta.uz