O‘zbekistonning 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi Osiyo kubogi guruh bosqichining ikkinchi o‘yinida Hindiston ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv 10-may kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu g‘alaba O‘zbekistonga nafaqat chorak finalga chiqish imkonini berdi, balki 2026-yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan U-17 jahon chempionatiga ham yo‘llanmani taqdim etdi. Bu jamoa uchun katta yutuq bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibida Olimjon Shomurodov, Muhammad Hakimov, Amirxon Erkinov, Islom Ravshanov, Suhrob Sadirjonov, Mirjamol Anvarov, Muhammadodilxon Orifxonov, Adis Abdunabiyev, Laziz Abduraimov, Abubakir Rahimov va Muhammad Mamatov maydonga tushdi.
Uchrashuvning 32-daqiqasida Hindiston darvozaboni Rajrup Sarkar qo‘pollik ishlatgani uchun penalti belgilandi. Laziz Abduraimov penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochdi.
Ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston ustunligini kuchaytirdi. 60-daqiqada burchakdan uzatilgan to‘pdan so‘ng hindistonlik himoyachi Denni Singx o‘z darvozasiga gol urdi. 78-daqiqada esa Ahrorbek Ravshanbekov hujumni yakunlab, yakuniy 3:0 hisobini o‘rnatdi.
Shimoliy Koreya turnirda ishtirok etishdan bosh tortgani sababli D guruhida uchta jamoa – O‘zbekiston, Avstraliya va Hindiston qoldi. O‘zbekistonning g‘alabasi Avstraliyaga ham muddatidan avval chorak finalga chiqish imkonini berdi.
Endi O‘zbekiston va Avstraliya 13-may kuni soat 21:00 da o‘zaro bahs olib boradi va bu o‘yinda D guruhi g‘olibi aniqlanadi. Ilk turda O‘zbekiston Avstraliya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida mag‘lub etib, Osiyo kubogi g‘olibiga aylangan edi. O‘sha o‘yinda o‘zbekistonliklar birinchi bo‘limdayoq ikkita qizil kartochka tufayli to‘qqiz kishi bo‘lib qolishganiga qaramay g‘alaba qozongandi.
U-17 jahon chempionatida O‘zbekiston 1/8 finalda Italiyaga 2:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi.
Source: www.gazeta.uz