Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 13-maydagi majlisida “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedovning ta’kidlashicha, hozirgacha harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini kompleks tartibga soluvchi yagona qonun mavjud emas edi. Shu sababli ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Hujjat 5 bob va 37 moddadan iborat bo‘lib, unda harbiy xizmatchilarning huquq va majburiyatlari, javobgarligi, xizmat o‘tash tartibi hamda oila a’zolarining ijtimoiy va huquqiy himoyasi bilan bog‘liq munosabatlarni kompleks tartibga solish nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, harbiy xizmatchilar uchun davlat tomonidan kafolatlanadigan huquq va erkinliklar, cheklovlar, majburiyatlar va javobgarlik majmui “harbiy xizmatchi maqomi” sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, hujjatda harbiy xizmatchi maqomini olish va bekor qilish tartibi ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
Qonun loyihasida harbiy xizmatchilarni moddiy ta’minlash, uy-joy bilan ta’minlash, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, majburiy davlat sug‘urtasi, pensiya ta’minoti hamda xizmat vaqtida jarohat olgan yoki halok bo‘lgan hollarda kompensatsiya to‘lash kafolatlari mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, xizmat yillari kamida 20 yil bo‘lgan va harbiy xizmatdan bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar uchun yiliga bir marta 75 foizlik imtiyoz asosida sanatoriy-kurort yo‘llanmasi berish tartibi joriy etilishi rejalashtirilgan.
Loyihada ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarga chalingan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini davolash uchun, baxtsiz hodisalar yoki boshqa tabiiy ofatlardan jabr ko‘rganligi uchun, shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining vafoti munosabati bilan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (hozirda 41,2 mln so‘m) yiliga bir marotaba moddiy yordam to‘lab berish belgilanmoqda.
Deputatlar qonun loyihasini savollarsiz birinchi o‘qishda qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshirildi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytirildi.
Shuningdek, 2025-yil 1-martdan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshirilgandi. Oila a’zolari 3 kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda 50 foizga oshirilgan.
Source: www.gazeta.uz