Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shayxontohur tumanida joylashgan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ma’muriy binosi auksionda 196,6 mlrd so‘mga sotildi. Savdolar 187,2 mlrd so‘m boshlang‘ich narxda boshlanib, 10 daqiqa davom etdi va faqat bitta narx taklifi bilan yakunlandi. G‘olib sifatida AKB “Xamkorbank” tan olindi.

Besh qavatli bino Abdulla Qodiriy va Abay ko‘chalari kesishmasida joylashgan. Umumiy maydoni 11 725 kvadrat metr, qo‘shni hudud 0,48 gektarni tashkil etadi. Ob’yekt barcha kommunikatsiyalar bilan ta’minlangan. Xaridor binoni shaharsozlik hujjatlariga muvofiq – ofislar va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun ishlatishi shart.

Bu birinchi marta emas. 16 dekabr kuni bino 130,3 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yilgan edi. O‘shanda savdolar 8 qadam va 1 soat 7 daqiqa davom etib, “O‘zshahar qurilish invest” MChJ 182,2 mlrd so‘m bilan g‘olib bo‘lgan edi.

2024 yil 26 noyabr holatiga ko‘ra, “O‘zshahar qurilish invest” kompaniyasining 90 foizi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga, 10 foizi “Qurilish Invest Development” MChJga tegishli edi. Agentlik Kun.uz so‘roviga kompaniya qachon va qanday narxda xususiylashtirilgani haqida javob bermadi. Binoning qayta auksionga chiqarilish sabablari noma’lum.

Avvalroq Qurilish vazirligi Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi va u yerda Transport vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi bilan bir binoda joylashishi xabar qilingan edi.

Source: kun.uz