Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda jamoat transportidan foydalanish darajasi so‘nggi to‘rt yilda 35 foizdan ortdi. Poytaxt avtobuslarida har kuni qariyb 1,5 million yo‘lovchi tashilmoqda. Bu haqda 14-may kuni “Toshshahartransxizmat”da o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi boshqaruvi raisi Aziz Xujanovning aytishicha, hozirda kompaniya tasarrufida jami 1987 ta avtobus mavjud. Ularning 1021 tasi gaz, 440 tasi dizel yonilg‘isi bilan harakatlanadi, 526 tasi elektrobus hisoblanadi. Avtobus saroyi 8 tani tashkil etadi, haydovchilar esa 3830 nafardan iborat.

“2026-yil yanvar-mart oylarida kunlik ishga chiqarilgan avtobuslar soni 1662 tani tashkil qildi. Kunlik qatnovlar 23 840 taga yetkazildi. Birinchi chorak yakuniga ko‘ra, brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritgan 166 ta yo‘nalishda kuniga 1 million 430 ming yo‘lovchi tashildi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 106 foizga ko‘p”, deydi u.

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Ikromovning ma’lum qilishicha, 2025-yil davomida jami 412,4 mln nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 85,7 million nafarga yoki 26,2 foizga ko‘p.

“Avtobus tashuvlaridan olingan tushum ham oshib, 644,6 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu 2025-yilga nisbatan 90,2 mlrd so‘mga, ya’ni 16,2 foizga o‘sganini anglatadi. Poytaxtda brutto-shartnoma tizimiga o‘tilganidan keyin haqiqatdan ham eng to‘g‘ri raqamlarni ko‘ryapmiz. Avvallari reja, degan narsa bor edi va tizim shaffos emasdi, buni tan olish kerak. 2025-yil 1-yanvardan esa tushumlarimizni ochiq-oydin bilyapmiz”, deydi Ikromov.

Xujanov joriy yil yakuniga qadar 200 ta yangi elektrobus xarid qilinishini ta’kidladi. “Bu orqali kunlik ishga chiqariladigan avtobuslar sonini 1778 taga, qatnovlarni 25 122 taga ko‘paytirish, yo‘nalishlarning umumiy masofasini 3101 kilometrgacha oshirish niyatimiz bor. Kunlik yo‘lovchi tashish quvvatini 1,5 millionga, yillik tashish hajmini 415 million nafarga yetkazmoqchimiz”, deya qo‘shimcha qildi kompaniya rahbari.

Murodjon Ikromov poytaxtda avtobus tanqisligi borligini tan olarkan, jamoat transportini rivojlantirish borasida ham salmoqli ishlar qilinayotganini aytdi. “Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan metropoliten tizimini ham kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Hozirda metroda kuniga 1 mln atrofida yo‘lovchi tashilyapti. Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish darajasi 2022-yilda 18 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 35 foizdan ortdi”, deydi u.

Ikromovning ta’kidlashicha, avtobus tizimida xususiy sektor rivojlanganidan keyin raqobat paydo bo‘ladi. Bu esa sifat oshishiga ta’sir ko‘rsatadi. “Ayni paytda yo‘nalishlarimiz soni 170 ta bo‘lib, 166 tasi “Toshshahartransxizmat” tomonidan amalga oshiriladi, 3 ta yo‘nalish: 76, 177 va 197-avtobuslar esa tadbirkorlarga berilgan. Biz nafaqat “Toshshahartransxizmat”, balki xususiy sektorni ham rivojlantirib, uni biznes darajasiga olib chiqmoqchimiz. Xususiy sektorni jalb qilgan holda 40 ta avtobus olib kelish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Shu tariqa yo‘nalishlar sonini yana 16 taga ko‘paytiramiz”, deya tushuntirdi boshqarma boshlig‘i.

Murodjon Ikromov avtobus bekatlari masalasi haqida gapirarkan, bu borada qilinayotgan ishlar va rejalarga to‘xtaldi. “Poytaxtga 1200 ta avtobus olib kelganimizdan keyin infratuzilmaviy muammolar yaqqol ko‘rindi. Ularning aksariyati katta sig‘imli avtobuslar bo‘lib, 200 tasi 18 metrli avtobusni tashkil etadi. Bizning bekatlarimiz esa bir paytlar 7,5 metrli avtobuslarga mo‘ljallab qurilgandi. Shu maqsadda hozirgi kunda bekatlarni rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilyapti”, deydi u.

Uning aytishicha, Toshkent shahar hokimligi tomonidan tirbandlikning oldini olish bo‘yicha ham chet ellik mutaxassislar ishtirokida bir qator kompleks yechimlar ishlab chiqilmoqda. “Birinchi bosqichda 80 kilometrdan iborat 12 ta ko‘chani tubdan o‘zgartirish hamda jamoat transportiga ustuvorlik berish masalasini hal qilmoqchimiz. Bu ko‘chalarda 317 ta bekatimiz mavjud va ularning 120 tasi xususiy tadbirkorlarga berilgan. Ularni boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Bundan tashqari, hozirgi kunda 200 ga yaqin avtobus bekatlarimiz qayta rekonstruksiya qilinyapti. Bularning hammasi jamoat transportini oddiy transportdan ustuvor bo‘lishini ko‘zlagan holda bajarilyapti”, deya tushuntirdi Ikromov.

“Avtobuslar soni va ularning sig‘imi ortganidan keyin oxirgi bekatlarga ham bosim kuchayadi. Mavjud 42 ta oxirgi bekatlarimizni Toshkent shahar hokimiyati balansiga o‘tkazish hamda namunaviy tipda qayta rekonstruksiya qilib, ularda haydovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriq berilgan”, deydi u.

Aziz Xujanov kelgusi rejalarga to‘xtalarkan, 5-avtobus saroyidagi avtobuslarni yuvish shoxobchalarini autsorsingga berish masalasi ko‘rib chiqilayotganini qayd etdi. “Yo‘lovchilar tomonidan avtobus salonlarining yaxshi tozalanmagani, chang ekani haqida ko‘plab haqli e’tirozlar bildiriladi. Shu kabi holatlarning oldini olish hamda xarajatlarimizni maqbullashtirish maqsadida 5-avtobus saroyidagi yuvish shoxobchalarini autsorsingga berishni rejalashtiryapmiz”, deydi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ishchilarning sharoitlarini yaxshilash maqsadida 4-avtobus saroyida non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish sexini ijaraga berish ham ko‘zda tutilmoqda. “Bu nima beradi? Ertalab soat 04:00—05:00 larda ishga keladigan haydovchilar yo‘nalishga chiqib ketishdan avval avtobus saroyida ishlab chiqarilgan non mahsulotlari bilan tamaddi qilib oladi. Qolaversa, soat 22:00 — 23:00 da tugaydigan yo‘nalishdagi haydovchilar ikkita issiq nonni uyiga olib ketishi mumkin. Ularga bunday shart-sharoitning yaratib berilishi albatta, kayfiyatiga ham ta’sir qiladi”, deydi Xujanov.

“Oldimizda qo‘ygan asosiy maqsadlarimizdan biri — aholiga zamonaviy, xavfsiz, ekologik toza va barqaror jamoat transporti tizimini shakllantirishdir. Bu yo‘lda barcha imkoniyat va kuchimizni safarbar etamiz. Shuningdek, jamoatchilik nazorati ham muhim rol o‘ynaydi”, deydi “Toshshahartransxizmat” boshqaruvi raisi.

“Toshshahartransxizmat” AJ Boshqaruv raisining raqamlashtirish va sun’iy intellekt joriy etish bo‘yicha maslahatchisi Shohruz Xodjiyev avtobus haydovchilariga nisbatan jarima ball yozilayotganiga oida savolga izoh berdi. “Qonunchilikka muvofiq, jarima ball avtotransport vositasini bevosita boshqargan odamga nisbatan yoziladi. Qonun hamma uchun teng, haydovchi qoidabuzarlik qildimi, u jarimaga tortilishi kerak. Bizda avtobus haydovchilari faoliyati 16 xil turdagi qoidabuzarliklar bo‘yicha monitoring qilib boriladi. Uning 7 tasi yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq. Joriy yilning yanvar-mart oylarida 16 turdagi qoidabuzarlik bo‘yicha 251 ta holat kuzatildi. YHXga oid 7 ta qoidabuzarlik bo‘yicha esa 35 ta holat qayd etilgan. Haydovchilar orasida jarima ball yiqqanlar hali yo‘q”, deydi u.

Avvalroq, “Toshshahartransxizmat” tizimidagi 1987 ta avtobusning 1480 tasi konditsioner bilan jihozlangani. 2023-yildan oldin ishlab chiqarilgan 507 ta avtobusda esa sovitish tizimi yo‘qligi aytilgandi. Kompaniya bosh muhandisining aytishicha, 250 ta avtobus konditsionerida turli nosozliklar aniqlanib, 150 tasi bartaraf etildi.

Source: www.gazeta.uz