Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona shahrida yashovchi Xadichabonu Xabibullayeva avvalgi jazosini o‘tash davrida yangi jinoyat sodir etdi. U 2026-yil 9-yanvar kuni o‘z uyida 300 ming so‘m va 200 dollar evaziga odam savdosi bilan shug‘ullangan va tezkor tadbir chog‘ida ushlangan.

Farg‘ona shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 2026-yil 17-martdagi hukmi bilan Xadichabonu Xabibullayeva Jinoyat kodeksining 131-moddasi 1-qismida (odam savdosi yoki fohishaxona saqlash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Avvalgi yo‘l-transport hodisasi uchun berilgan jazo qisman qo‘shilib, unga 2,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, u barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan 2 yil muddatga mahrum qilindi.

Ayolga istalgan vaqtda yashash joyini tark etish taqiqlangan edi, faqat o‘qish va ish uchun zarur vaqt bundan mustasno. Biroq Xabibullayeva sud tomonidan belgilangan cheklovlarga rioya qilmadi. 2026-yil 8-aprel kuni soat 21:15 da probatsiya xodimlari tomonidan tekshiruv vaqtida u uyda yo‘q edi. Unga intizomiy ogohlantirish berildi. 2026-yil 24-aprel kuni soat 21:00 da takroriy tekshiruvda u yana uyda bo‘lmadi. Shundan so‘ng sud ozodlikni cheklash jazosining o‘talmagan qismini (2 yil 5 oy 4 kun) ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirib, uni koloniya-posyolkaga yubordi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 11-oktabr kuni Xadichabonu Xabibullayeva haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan holda tanishining avtomobilini boshqarib, piyodalar o‘tish joyida 31 yoshli Dilafro‘z Sayfullayeva, uning 3 yoshli o‘g‘li Yasinboy va 2,5 yoshli jiyani Xadiyani urib yuborgan edi. Zarbadan ayol va bolalar bir necha metrga uchib ketgan edi. Avval sud Xabibullayevadan jabrlanuvchi foydasiga 280 ming so‘m moddiy zarar undirgan bo‘lsa, apellyatsiya sudi bu qismni o‘zgartirib, voyaga yetmagan jabrlanuvchilarning qonuniy vakili foydasiga 100 million so‘m ma’naviy zarar va 3 million 351 ming so‘m moddiy zarar undirishga qaror qilgan.

Source: kun.uz