Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezidentning 15-maydagi qarori bilan Toshkent metrosida vending apparatlari va kichik savdo nuqtalarini joylashtirish, shuningdek, yo‘lkira haqini to‘lashning yangi tizimini joriy etish belgilandi.

2028-yil yakuniga qadar metro bekatlariga kirish joylari va bekatlararo o‘tish yo‘laklarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlagan holda vending apparatlari va kichik ko‘chma savdo obyektlari joylashtiriladi.

Metro stansiyalari oldida avtoturargohlar tashkil qilinib, Park & Ride tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda avtoturargohdan foydalangan yo‘lovchilarga metro chiptalari bo‘yicha chegirmalar berilishi va avtoturargoh haqini metro chiptasi orqali to‘lash mexanizmlari joriy etilishi mumkin.

Xususiy tadbirkorlarga metropoliten tonnellari va bekatlarida auksion orqali ijara asosida xavfsiz faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Metropolitenda yo‘lkira haqini to‘lashning mutlaqo yangi tizimi ishlab chiqiladi, unda yo‘lovchilar bosib o‘tgan masofasi yoki bekatlar soniga qarab haq to‘laydi. Shuningdek, aholining ayrim toifalari uchun imtiyozlar va kunlik, haftalik, oylik abonementlar joriy etilishi rejalashtirilgan.

Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Toshkent metropoliteni” va Toshkent shahar hokimligiga xorijiy tajriba asosida ushbu tizim bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi. Yangi tartibni 2027-yil 1-yanvardan boshlab amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan.

2030-yilgacha metropolitenni rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari belgilangan: kunlik yo‘lovchilar oqimi 1,8 mln nafarga yetkazilishi, bekatlar soni 79 taga, liniyalar uzunligi 103 km gacha oshirilishi, poyezdlar harakati intervali 2-3 daqiqagacha qisqartirilishi ko‘zda tutilgan.

Source: www.gazeta.uz