Toshkent metrosida yo‘lkira to‘lov tizimi tubdan o‘zgarishi kutilmoqda. Prezidentning 15-maydagi qaroriga asosan, yo‘lkira narxi hozirgi qat’iy tarif o‘rniga masofa yoki bekatlar soniga qarab hisoblanadigan bo‘ladi.
Yangi tizim quyidagi tamoyillarga asoslanadi: masofaga qarab to‘lov – yo‘lkira narxi bosib o‘tilgan masofa yoki bekatlar soniga qarab hisoblanadi; aholining ayrim toifalari uchun imtiyozli tariflar – ijtimoiy guruhlar uchun chegirmalar nazarda tutiladi; abonement tizimi – kunlik, haftalik va oylik yo‘lkira chiptalari joriy etiladi.
Ushbu chora-tadbirlar Prezidentning 15-maydagi qarori bilan belgilangan bo‘lib, bu haqda O‘zA Telegram-kanali xabar berdi. Hujjatga ko‘ra, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Toshkent metropoliteni” AJ hamda Toshkent shahar hokimligiga xalqaro tajriba asosida yangi to‘lov tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirilgan.
Yangi tizim 2027-yil 1-yanvardan boshlab ishga tushirilishi kutilmoqda. Tegishli takliflar “Toshkent metropoliteni” AJ kuzatuv kengashi bilan kelishilgandan so‘ng olti oy ichida Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak.
Source: kun.uz