Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi Toshkent shahri Yakkasaroy tumani sobiq katta profilaktika inspektoriga nisbatan hukm chiqardi. 33 yoshli erkak IIV tizimida ishlagan vaqtida intim xizmat ko‘rsatuvchi ayoldan har oy 400 dollar talab qilgani uchun sudlangan.

Unga ko‘ra, inspektor ayoldan muntazam ravishda pul olib turgan va evaziga uning faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik, boshqa qizlarni javobgarlikka tortmaslik hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar reydlari haqida oldindan ogohlantirib turishni va’da qilgan.

Ayolning o‘zi inspektorning pora talab qilayotgani haqida Davlat xavfsizlik xizmatiga xabar bergan. Natijada inspektor 2025-yil noyabr oyida IIB tayanch punkti binosi yonida maxsus belgilangan pullar bilan ushlangan.

Sudda ayblanuvchi ayolning o‘zi undan “ishlash uchun sharoit yaratib berish”ni so‘raganini, pulni bir marta va “adashib” olganini aytgan. Biroq ayolning so‘zlariga ko‘ra, inspektor avval ham intim xizmatlardan bepul foydalangan va 200 ming so‘mdan 400 dollargacha pul olib turgan.

Dastlab inspektorning harakatlari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (tovlamachilik yo‘li bilan pora olish) bilan kvalifikatsiya qilingan. Biroq sud tovlamachilik holati isbotlanmagan deb topib, ayblovni 210-moddaning 1-qismiga (og‘irlashtiruvchi holatlarsiz pora olish) qayta kvalifikatsiya qilgan.

Sud inspektorni to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qildi va jazoni manzil-koloniyada o‘tashni belgiladi. Shuningdek, u ikki yil davomida Ichki ishlar vazirligi tizimida ishlash huquqidan mahrum etildi.

Source: www.gazeta.uz