Aprel oyida O‘zbekistonda 23,3 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi ro‘yxatga olindi, bu mart oyidagi 43,6 ming bitimga nisbatan 1,9 barobar kam. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) ma'lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning apreliga nisbatan 4,7 foizga past.
ITIM sharhida ta'kidlanishicha, mart oyidagi keskin faollikdan so‘ng bozor yanada muvozanatli dinamikaga o‘tgan. Mart oyidagi o‘sish asosan eskrou hisobvaraqlar orqali hisob-kitob qilish tizimiga o‘tish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Yanvar-aprel oylari yakunlariga ko‘ra, uy-joy sotuvi hajmi yillik hisobda 34,8 foizga oshib, 125 mingta bitimdan oshdi. Barcha hududlarda o‘sish qayd etilgan bo‘lib, eng yuqori sur'atlar Sirdaryo (50 foiz), Andijon (42 foiz) va Toshkent shahrida (46 foiz) kuzatilgan.
Aprel oyida faollikning pasayishi mart oyidagi anomal yuqori ko‘rsatkichdan keyin bozorning me'yorlashishini aks ettiradi. Aksariyat hududlarda yilning dastlabki to‘rt oyidagi umumiy sotuvlar hajmi o‘tgan yilgi darajadan yuqoriligicha qolmoqda.
ITIM eskrou hisobvaraqlar orqali rasmiylashtirilgan bitimlarni alohida ajratib ko‘rsatmagan. Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, aprel oyida 13,6 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi tuzilgan yoki rasmiylashtirish jarayoni davom etayotgan bo‘lgan. ITIM va Markaziy bank ma'lumotlari o‘rtasidagi farq eskrou tizimi, hadya va meros kabi bepul bitimlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilning apreliga nisbatan dollar ekvivalentida o‘rtacha 8,5 foizga oshdi. Yillik o‘sish sur'atlari mart oyidagi 10 foizga nisbatan sekinlashgan. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo (20 foiz), Surxondaryo (16,5 foiz) va Buxoro (16,3 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Yil boshidan buyon mamlakat bo‘yicha ikkilamchi uy-joylar o‘rtacha 2,9 foizga qimmatlashdi.
Toshkent shahri eng qimmat bozor bo‘lib qolmoqda. Aprel oyida ikkilamchi uy-joyning bir kvadrat metri o‘rtacha 1150 dollarni tashkil etdi (bir oyda 2,3 foizga o‘sish). Samarqand viloyatida kvadrat metr narxi qariyb 900 dollar, Toshkent viloyatida 690 dollar. Poytaxtda yillik o‘sish 6,1 foizni tashkil etdi, eng katta o‘sish Mirzo Ulug‘bek (9,2 foiz), Mirobod (9 foiz) va Chilonzor (8,3 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Birlamchi uy-joy segmentida Toshkent shahrida narxlar o‘sishi yuqoriroq bo‘ldi: yangi qurilgan uylarning bir kvadrat metri aprelga nisbatan 8,8 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Yunusobod (17,3 foiz), Mirzo Ulug‘bek (16,8 foiz) va Bektemir (11,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Toshkentda uy-joy ijarasi ham qimmatlashishda davom etdi. Aprel oyida o‘rtacha ijara stavkasi bir kvadrat metr uchun 9,2 dollarni tashkil etib, martga nisbatan 3,4 foizga, yillik hisobda 9,1 foizga oshdi. Eng yuqori ijara stavkalari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida (qariyb 11 dollar/kv.m) saqlanmoqda. Yillik o‘sish eng yuqori Yashnobod (18,2 foiz), Bektemir (16,7 foiz) va Yunusobod (14,3 foiz) tumanlarida kuzatildi.
ITIM qayd etishicha, bir yil davomida o‘rtacha ijara stavkalari 9,1 foizga oshgan bo‘lsa, uy-joy narxlarining umumiy indeksi 7,6 foizga ko‘tarilgan. Markaziy bank 2025-yilda taklif hajmi kengaygani fonida uy-joy narxlari o‘sishi sekinlashganini, biroq demografiya, daromadlarning ortishi va yig‘ilib qolgan taqchillik yaqin yillarda yuqori talabni qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlagan.
To‘g‘ri keladigan turar joy birliklari sonining oilalar soniga nisbati 2025-yilda 0,73 ni tashkil etdi (2024-yilda 0,79 edi), bu aholi sonining qurilish sur'atlariga qaraganda tezroq o‘sayotganidan darak beradi. Aholining xarid qobiliyati oshgan: o‘rtacha ish haqi 19 foizga, aholi jon boshiga daromadlar 16,6 foizga oshib, uy-joy narxlari o‘sishidan o‘zib ketgan. Natijada uy-joy qiymatining daromadlarga nisbati pasaygan. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 1,77 dan 1,38 gacha tushgan.
Source: www.gazeta.uz