Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqovning Samarqand va prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy yo‘li haqidagi keng ko‘lamli maqolasida davlat ramzlari, xususan, gerb masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Rafiqovning fikricha, mustaqillikka erishilganidan keyin ham mamlakat gerbida paxta va bug‘doy tasvirlarining saqlab qolinishi avvalgi tuzum bilan mafkuraviy bog‘liqlikni aks ettirgan. U mustaqillikning dastlabki o‘n yilliklarida erkinlik ko‘p jihatdan “nazariy” tusda qolganini, “hurriyatning o‘zi esa qaysidir ma’noda ‘qaram mustaqillik’dek tuyular edi”, deb yozadi.

Senator prezident Shavkat Mirziyoyev o‘sha yillari paxtadan keladigan daromad “hatto bir milliard dollarga ham yetmaganini” bir necha bor ta’kidlaganini eslatib, “Shu holicha ham ushbu dehqonchilik mahsulotlari bizning ijtimoiy-ma'naviy identligimizni belgilashi kerakmidi?” deya so‘raydi.

Rafiqov bu holatni sovet va postsovet davri tafakkurining keng qamrovli muammosi bilan bog‘laydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha davrda ijtimoiy ritorika asosan dalalar, hosil, paxta va g‘alla atrofida aylangan, bu esa erkin fikrlash maydonini toraytirib qo‘ygan edi.

Muallifning ta’kidlashicha, paxta, g‘alla va ziroatchilik ijtimoiy hayotda uzoq vaqt davomida, xuddi sovet davridagidek, “ijtimoiy-siyosiy kult” maqomini saqlab qolgan. “Ya'ni odam tinimsiz nimagadir undab turilsa, matbuot ertadan to kech zarbdorlik, dala ishlari, yetib bo‘lmaydigan ‘plan’ haqida muttasil gapiraversa, bu holat har qanday erkin tafakkurga ham putur yetkazadi”, deya qo‘shimcha qiladi u.

Rafiqovning fikricha, aynan mana shu narrativ “Mirziyoyev davri dunyoqarashimizni qanday o‘zgartirganini” ko‘rsatib beradi. U ilgari “nafaqat aktual, balki siyosiy ahamiyat kasb etgan” qishloq xo‘jaligi haqidagi gurunglar bugungi kunda qo‘rli o‘rnini yo‘qotganini ta’kidlaydi.

“Ongimizda sokin amalga oshgan, hali deyarli tahlil etilmagan ayni yangilanishlar bir narsani ochiq eslatib turadi: bizda ittifoq parchalangandan keyin ham erkinlik mas’uliyatidan xavotir hissi bor edi”, deb yozadi u.

“Vaqt shuni ko‘rsatdiki, mustaqilligimiz va o‘zligimizni ifoda etuvchi simvollarimiz – davlat ramzlarimiz mohiyatida ham o‘tgan asrning 90-yillaridagi siyosiy xavotir, qo‘rquv va ikkilanish tajassum topgan”, deb xulosa qiladi Rafiqov.

Senatorning maqolasi e’lon qilinganidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda gerbni yangilash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi postlar paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, mamlakatda jiddiy e’tibor talab qiladigan boshqa ko‘plab masalalar ham mavjudligi haqidagi fikrlar ham yangramoqda.

Source: www.gazeta.uz