Toshkentning Sergeli tumanida 22-may kuni soat 13:00 atrofida Nexia 3 ishtirokida og‘ir yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Hodisa Fayzli Toshkent ko‘chasidagi 60-uy ro‘parasida qayd etilgan.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 25 yoshli haydovchi katta tezlikda harakatlanib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l chetidagi beton to‘siqqa urilgan. Kuchli zarba natijasida avtomobil ag‘darilib ketgan.
Hodisa oqibatida 26 yoshli yo‘lovchi olgan jarohatlar tufayli voqea joyida vafot etgan. Haydovchiga esa birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘qonda voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi Malibu piyodalar o‘tish joyida uch qizchani urib yuborgan, natijada 10 yoshli qizcha shifoxonada vafot etgan edi.
Statistikaga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki 3 oyida O‘zbekistonda 1102 ta YTHda 346 kishi halok bo‘lgan. YTHlarning asosiy sabablari: tezlikni oshirish (32,9%), svetofor qoidalarini buzish (22,4%) va piyodalarga yo‘l bermaslik (13,6%)dir.
Source: www.gazeta.uz