O‘zbekiston Respublikasi Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–mart oylarida mamlakatdan doimiy yashash uchun boshqa davlatlarga 2 277 kishi ko‘chib ketgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,1 foizga kamdir.
Ko‘chib ketganlarning aksariyati Qozog‘iston va Rossiyani tanlagan. Qozog‘istonga ko‘chib o‘tganlar ulushi 80,6 foizni, Rossiyaga esa 16,4 foizni tashkil etgan.
Janubiy Koreyaga ko‘chib ketganlar ulushi 0,8 foiz, Qirg‘izistonga esa 0,7 foiz bo‘lgan. Qolgan 1,5 foiz ko‘chib ketganlar boshqa davlatlarni tanlagan.
Hududiy kesimda eng ko‘p ko‘chib ketganlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan – 727 kishi. Undan keyin Toshkent viloyati (637 kishi), Navoiy viloyati (511 kishi) va Toshkent shahri (243 kishi) turadi.
Eng kam ko‘chib ketganlar Surxondaryo viloyatida (3 kishi) va Qashqadaryo viloyatida (5 kishi) qayd etilgan. Buxoro viloyatidan 29, Xorazmdan 22, Sirdaryodan 19, Andijon va Namangandan 18, Jizzaxdan 17, Samarqanddan 15 va Farg‘onadan 13 kishi ko‘chib ketgan.
Source: kun.uz