Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda xalqaro kurerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati jarayoni to‘liq raqamlashtirildi. Endilikda fuqarolar o‘z nomiga kelayotgan jo‘natmalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali mustaqil ravishda tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin.

Yangi tizim xalqaro kurerlik jo‘natmalari bilan bog‘liq bojxona jarayonlarini soddalashtirish va fuqarolarni ular nomiga rasmiylashtirilgan yuklar haqida tezkor xabardor qilishga qaratilgan. Bu, ayniqsa, kurerlik xizmatlaridan foydalanuvchi ko‘plab fuqarolar uchun qulaylik yaratadi.

Endi fuqaro nomiga xalqaro jo‘natma rasmiylashtirilganda, my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetga push-xabarnoma yuboriladi. Foydalanuvchi jo‘natmaning nomi, narxi, vazni va boshqa ma’lumotlarini onlayn ko‘rib chiqib, uni tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin bo‘ladi.

Qayd etilishicha, tizim orqali fuqarolar begona shaxslar tomonidan o‘z nomi orqali tovar yuborilishining oldini olishi, shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini tezlashtirishi mumkin bo‘ladi. Bu, ayniqsa, firibgarlik va noqonuniy tovarlar aylanishiga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xizmatdan (“Xalqaro kurerlik jo‘natmasi to‘g‘risidagi xabarnomani tasdiqlash yoki rad etish”) my.gov.uz portalida “Bojxona” bo‘limi orqali foydalanish mumkin. Agar jo‘natma haqiqatan ham fuqaroning o‘zi tomonidan buyurtma qilingan bo‘lsa, u “Tasdiqlash” tugmasini tanlaydi. Agar buyurtma unga tegishli bo‘lmasa yoki ma’lumotlarda xato bo‘lsa, jo‘natmani rad etish mumkin.

Fuqarolarga faqat o‘ziga tegishli ekaniga ishonchi komil bo‘lgan jo‘natmalarni tasdiqlash tavsiya etilmoqda. Aks holda, kelajakda soliq yoki bojxona to‘lovlari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, xizmat 24/7 rejimida ishlaydi. Rad etilgan jo‘natmalar esa bojxona tizimida darhol aks etadi.

2025-yil dekabrida my.gov.uz portalida xalqaro kurerlik jo‘natmalari to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati paydo bo‘lgan edi. Ushbu xizmat orqali fuqarolar joriy oyda qolgan bojxona limiti, jo‘natma nomi, raqami, vazni va qiymati, yuboruvchi hamda kurerlik tashkiloti nomi va STIR raqami haqidagi ma’lumotlarni onlayn ko‘rishi mumkin.

Source: www.gazeta.uz