Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

22-may kuni Buyuk Britaniyaning “Clarinet & Saxophone Classics” leybli “Contemporary Uzbek Music for Clarinet and Piano” nomli albomni nashr qildi. Bu o‘zbek klarnet va fortepiano repertuariga to‘liq bag‘ishlangan ilk tijoriy albom hisoblanadi.

Albomga o‘zbek bastakorlari — Mustafo Bafoyev, Sherzod Sobirov, Nurali Erkayev, Habibulla Rahimov, Anvar Ergashev va Farrux Akramovning asarlari kiritilgan. Ayrim asarlar bevosita o‘zbekistonlik klarnetchi Sayyod Mirzomurodovga bag‘ishlab yozilgan.

Sayyod Mirzomurodov Surxondaryoning Sariosiyo tumanida musiqiy muhitda tug‘ilib o‘sgan. U beshinchi sinfda Toshkentga kelib, Uspenskiy nomidagi musiqa maktabida klarnet chalishni o‘rgangan. Keyinchalik O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tahsil olgan.

2017-yilda AQShning University of Northern Iowa’da magistratura bosqichiga grant bilan qabul qilingan. Hozirda doktorantura bosqichini tamomlash arafasida. U Carnegie Hall, Chikagodagi Orchestra Hall va Bangkokdagi xalqaro musiqa festivalida chiqish qilgan.

2025-yilda New York’da bo‘lib o‘tgan Golden Classical Music Awards International Competition tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Carnegie Hall sahnasida o‘zbek bastakori Nurali Erkayevning “Sonata-Fantaziya” asarini ijro etgan.

Albom g‘oyasi Sayyodning konservatoriyada o‘qib yurgan kezlarida paydo bo‘lgan. U AQShda doktorantura bosqichida dissertatsiya o‘rniga ijodiy loyiha sifatida CD disk yozish imkoniyatidan foydalangan.

Albomdagi asarlar 2025-yil dekabrida Ayova shtatidagi University of Iowa Voxman Music Building konsert zalida yozib olingan. Klarnetda Sayyod Mirzomurodov, fortepiano partiyasini pianinochi Mariya Axadjanova ijro etgan.

Albomni nashr etish bilan bog‘liq asosiy xarajatlarni Sayyod o‘z zimmasiga olgan. Madaniyat vazirligi va Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasidan yordam so‘ragan bo‘lsa-da, moliyalashtirish uchun mablag‘ tugaganligi sababli rad javobini olgan.

Hozirda albomni Clarinet & Saxophone Classics saytidan CD disk bilan birga 13 dollarga xarid qilish mumkin. Shuningdek, Amazon, Yandex Music, Apple Music va YouTube’da ham tinglash mumkin.

Source: www.gazeta.uz