Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Best Pipe And Parts kompaniyasi Namangan viloyatida joylashgan, avtomobil yoritish moslamalarini ishlab chiqaruvchi UzChasys korxonasining 70 foizlik davlat ulushini sotib oldi. Auksion savdolari 25-may kuni bo‘lib o‘tdi.

Bitim summasi 332,96 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu boshlang‘ich 194 mlrd so‘mlik narxdan 80 foizga yuqoridir. Auksion taxminan 52 daqiqa davom etdi.

Bitim tuzilgach, xaridor korxonaning asosiy faoliyat turini kamida 10 yil davomida saqlab qolishi, “O‘zavtosanoat” bilan bir qator vazifalarni, jumladan, narxlarni qayta ko‘rib chiqishni kelishishi, shuningdek, mahsulotlarning General Motors standartlariga muvofiqligini ta’minlashi shart.

2008-yilda tashkil etilgan UzChasys QK GM Uzbekistan uchun OEM (original equipment manufacturer) yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Kompaniyaning texnik hamkorlari — AMS (Janubiy Koreya) va Neolit ZKW Lighting (Hindiston).

Best Pipe and Parts (2023-yilgacha — Uz-Dongwon Co) 1996-yildan beri bozorda faoliyat yuritadi va avtomobillar uchun butlovchi qismlar hamda aksessuarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ustav kapitali 297 mln so‘mni tashkil etadi. Eng yirik aksiyadorlar: UzAuto Korea — 42,3%; UzAutoComponents — 24,44%; Janubiy Koreyaning Dongwon Metal kompaniyasi — 24% va Salima Toshqo‘ziyeva — 9,26%.

Best Pipe and Parts avvalroq avtomobilsozlik sohasidagi ikkita korxonani sotib olgan edi: o‘tgan yilning fevralida u “Avtokomponent” kompaniyasidagi 98,8 foizlik davlat ulushini 105 mlrd so‘mga, avgustda esa avtomobillarning isitish va sovutish tizimlarini ishlab chiqaruvchi Avto Climate Control kompaniyasining 100 foizlik davlat ulushini 230 mlrd so‘mga xarid qilgan.

Source: www.gazeta.uz