Toshkent shahri Sergeli tumanidagi avtomobil va ehtiyot qismlar bozorida olib-sotarlarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi.
IIBBning qayd etishicha, xalq orasida “saygak” yoki olib-sotar deb ataluvchi shaxslar bozorga kirgan fuqarolarga avtomobil ehtiyot qismlarini hammasini bir joyda, arzon va tez o‘rnatib berishni va’da qiladi. Biroq ular odatiy narxdan ikki-uch barobar qimmat narxda sotadi.
“Bunday noqonuniy vositachilar faoliyati sifatsiz mahsulotlar savdosining ko‘payishiga, narx-navoning sun’iy oshib ketishiga, iste’molchi tomonidan e’tirozlar ko‘payib, xaridorning bozorga bo‘lgan ishonchi pasayishiga sabab bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Sotuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, olib-sotarlar 100 ming so‘mlik narsani 1−2 million qilib o‘tkazadi. Shundan keyin “bir marta kelib, ta’zirini yeb ketgan odam ikkinchi marta Sergili mashina bozoriga kelmayman”, deb ketadi.
“O‘zi bozorimizda, misol uchun, 10−15 ming so‘m turgan “klipsa”lar yoki “vtulka”larni ular 50−60 ming so‘m qilib yuborishgan. Shu bo‘yicha mijozlarimiz ancha norozilik bildirishgan. Bozordan ishonch qochib, hamma avtodeteylingga o‘tib ketishgan”, — deydi yana bir sotuvchi.
Shunday qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida poytaxt IIBB Sergelidagi iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari bozorida tezkor profilaktik tadbirlar o‘tkazgan.
Xususan, bozor ichida noqonuniy ishlayotgan hamda o‘rtakashlik faoliyatini olib borayotgan 100 nafar shaxs aniqlab, ular tuman boshqarmasiga olib borilgan va hujjatlar rasmiylashtirilgan. Jumladan, 50 kishi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan, 30 nafariga ma’muriy qamoq hamda jarima jazosi tayinlangan.
“„Saygak“ bozorda 400 ming so‘mlik narsani 800 ming so‘mga sotadigan odamlar. Kirganingizda uni qo‘yib beraman, buni qo‘yib beraman deydi, shu bilan bo‘ldi, ilinasiz. Sizga bitta qilib besh-olti xil narsaga hisob chiqarib beradi. Tan narxidan ancha baland narxga sotadigan odamlar ular”, — deydi olib-sotarlardan biri.
“Mashina bozorida “saygak”lik qilar edim, noqonuniy ishlar edik. Noqonuniyligini tushunib yetdik. Tushuntirish ishlarini olib borishdi. Bu ishimizdan qattiq pushaymonman. Bundan buyog‘iga qonuniy ishlashga so‘z beraman. Kelgusida ishlayotgan bolalarga maslahatimiz, bu ishni qilmanglar, yaxshilikka olib kelmaydi”, — deya ta’kidladi ular.
IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil va 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida mazkur bozor hududida noqonuniy harakatlar yuzasidan 10 ga yaqin jinoyat ishi aniqlangan.
Xususan, 2026-yilning yanvar oyida fuqarolarni aldab, mulkini qo‘lga kiritish maqsadida arzon mashina olib berishni va’da qilgan va ularning mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan ikki shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qilgan.
IIBB xabariga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor tadbirlardan so‘ng xaridorlar va tadbirkorlar bozordagi holat ijobiy tomonga o‘zgarganini ma’lum qilgan.
“Mijozlarimizning ishonchi yana qaytyapti. Mana endi ochiq va shaffoflik bo‘lyapti. Bemalol kliyentlarimiz hozir kirib ola oladi. Yaxshi bo‘ldi, ancha yengillik bo‘ldi. Shunaqalarga ketgani ham bizga qulay bo‘ldi. Baraka topishsin, hammaga rahmat. Shunchalik bozorimizni tinchligini ta’minlab turishibdi”, — deydi tadbirkorlardan biri.
Ichki ishlar organlari fuqarolardan har qanday mahsulot yoki xizmatlarni faqat rasmiy va ishonchli savdo nuqtalari orqali xarid qilishni tavsiya qildi.
Source: www.gazeta.uz