Rossiya 2026-yilning birinchi to‘rt oyida Markaziy Osiyo davlatlariga 537 ming tonna suyultirilgan uglevodorod gazi (LPG) eksport qildi, deb xabar beradi “Kommersant” nashri o‘z manbalariga tayanib.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston ulushiga 231 ming tonna to‘g‘ri kelgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,5 barobar ko‘pdir.
Yanvar-aprel oylarida Rossiya LPG eksportining umumiy hajmi 27 foizga o‘sib, 1,43 million tonnani tashkil etdi. Markaziy Osiyoga yetkazib berish esa 71 foizga oshgan.
Xitoyga Rossiya LPG eksporti 498 ming tonnaga yetib, 2025-yilning birinchi to‘rt oyiga nisbatan 2,5 barobar ko‘paydi. Bu o‘sish Xitoyda ichki narxlarning ko‘tarilishi va Yaqin Sharqdagi keskinlik tufayli dengiz orqali LPG importining qisqarishi bilan bog‘liq.
O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-aprel oylarida respublika tabiiy va sun’iy gaz importiga 508,3 million dollar sarflagan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53,6 foiz ko‘pdir.
Source: kun.uz