Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston, Toshkent – AN Podrobno.uz. Soliq xizmatlari bosqichma-bosqich raqamli formatga o‘tkaziladi, biznesning soliq organlari bilan o‘zaro hamkorligi esa yanada avtomatlashtiriladi.

Tegishli choralar prezidentning “Soliq organlari faoliyatini institutsional takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida nazarda tutilgan.

Islohot 2030 yilgacha mo‘ljallangan. Hukumat soliq xizmatlari sifatini oshirish, tadbirkorlarga ma’muriy yukni kamaytirish va raqamli texnologiyalar, jumladan, xavf tahlili va sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishni kengaytirish niyatida.

Hujjatga ko‘ra, 2030 yilga borib ixtiyoriy soliq to‘lash darajasi 98 foizga yetkazilishi, yuqori xavfli qonunbuzarliklar soni ikki barobar kamaytirilishi va soliq tushumlari hajmi ikki barobar oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonni Jahon bankining Business Ready reytingining soliqqa tortish yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajaga chiqarish vazifasi qo‘yilgan.

Birinchi o‘zgarishlar 2026 yil 1 iyuldan kuchga kiradi. Xususan, soliq to‘lovchilardan tekshiruv oldi tahlili davomida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan hisobot yoki qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi.

Buning o‘rniga o‘rtacha soliq xavfi darajasiga ega tadbirkorlar uchun ogohlantirish tizimi ishga tushadi. Agar kompaniya yoki tadbirkor xabarnoma olinganidan keyin bir oy ichida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etsa, soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.

Bundan tashqari, yangi korxonalar faoliyatining dastlabki olti oyida Soliq-servis kompaniyasi orqali soliq va moliyaviy hisobotlarni tayyorlash va jo‘natish xizmatlaridan bepul foydalanishi mumkin.

2026 yil 1 avgustdan mamlakatda soliq organlarining mijozga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi. Soliq to‘lovchilar xizmatlarning qulayligi va mavjudligi, xizmat ko‘rsatish sifati, soliq majburiyatlarini bajarish uchun zarur vaqt va soliq inspeksiyalari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini baholay oladi.

Raqamlashtirishning navbatdagi bosqichi 2027 yildan boshlanadi. Bir qator soliqlar bo‘yicha hisobot davlat axborot tizimlari ma’lumotlari asosida avtomatik shakllantiriladi. Masalan, qishloq xo‘jaligi yerlariga soliq bo‘yicha hisobotni mustaqil topshirish majburiyati bekor qilinadi – soliq organlari uni vakolatli idoralardan olingan ma’lumotlar asosida hisoblab chiqadi.

Shuningdek, proaktiv rejimda ba’zi soliq imtiyozlari taqdim etila boshlaydi. Xususan, jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini to‘lashga yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha imtiyozlar idoralararo axborot tizimlari ma’lumotlari asosida avtomatik qo‘llaniladi.

Yana bir yangilik QQSni qaytarish bilan bog‘liq. 2027 yil 1 yanvardan past soliq xavfi darajasiga ega soliq to‘lovchilar QQSni avtomatik tartibda uch kun ichida qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi.

Source: podrobno.uz