Navoiy viloyati Karmana tumanida korrupsiyaga qarshi murosasizlik ko‘rsatgan kapitan Sherbek Turxonov 12,3 million so‘m (BHMning 30 baravari) pul mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Tuman hududidagi “Samarqand” postida faoliyat olib borayotgan YPX inspektorlari Samarqand-Navoiy yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan Lacetti haydovchisini to‘xtatgan. Haydovchi avtomashinani spirtli ichimlik ta’sirida boshqarib kelayotgani aniqlanib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ertasi kuni haydovchining otasi kelib, xodimlarga ushbu qoidabuzarlik uchun hujjatlarni sud idoralariga taqdim etmaslik hamda transport vositasini jarima maydonidan chiqarib berishni so‘ragan. Buning uchun u 1000 dollar miqdorida pora taklif qilgan. Xodimlar pora berish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida bir necha bor ogohlantirishiga qaramay, fuqaro o‘z fikridan qaytmagan.
“Menga qarang, men sizni 20 marta ogohlantirdim. Mumkin emas”, — deydi tezkor tasvirlardagi videoda inspektor. Inspektorning bildirgisi asosida IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining viloyat bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Fuqaro pulni pora sifatida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Qonunbuzarlik haqida xabar bergan xodimlar vazirlik tomonidan rag‘batlantirilgan. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Diyorbek Sattarovning buyrug‘iga asosan, Navoiy viloyati IIB YHXB YPX bataloni 2-safarbar guruhi shaxsiy tarkibiga jamoaviy minnatdorchilik e’lon qilingan.
Source: www.gazeta.uz