Andijon viloyati Marhamat tumanida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tarkibida sibutramin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan “Keto coffee mix” mahsulotini noqonuniy sotayotgan shaxslar ushlangan.
Tumandagi savdo majmuasida 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro shartli xaridorga 900 dona “Keto coffee mix”ni 6 million so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davomida ushbu mahsulotlar xarid qilingan Andijon shahridagi “Jahon savdo kompleksi”da joylashgan do‘kon tekshirilgan. 1987-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli do‘kondan yana 480 dona shunday kofe olib qo‘yilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan jami 11 kilogramm vazndagi mahsulot tarkibida O‘zbekiston hududida muomalasi taqiqlangan sibutramin moddasi mavjudligi aniqlangan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz