Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Energetika vazirligi bosh mutaxassisi Nasibullo Muhammadjonov UzReport TV “Huquqiy nigoh” podkastida 1-iyundan kuchga kiradigan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining oshirilishi inflyatsiya darajasida indeksatsiya qilish zarurati bilan bog‘liqligini ma’lum qildi.

“Tariflar takroran oshirilmayapti. Tegishli hukumat qaroriga asosan, 2026-yil uchun energiya tariflari inflyatsiya darajasiga nisbatan indeksatsiya qilindi. Bu degani — inflyatsiya oshgani sari, energiya tariflari ham shunga mutanosib tarzda oshib borishi kerak”, — dedi vazirlik vakili.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprelda O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 7 foizgacha sekinlashgan. Biroq tarif oshishi aynan shu ko‘rsatkichga bog‘langan.

Nasibullo Muhammadjonovning so‘zlariga ko‘ra, narxlarni qayta ko‘rib chiqish zamirida energetika infratuzilmasini yangilash — yangi podstansiyalar qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, yangi transformator punktlarini o‘rnatish zarurati yotibdi. Tariflarni oshirishdan voz kechish energiya tizimi faoliyatida uzilishlarga, modernizatsiyaning ortda qolishiga, hatto yangi tarmoqlar qurilishining to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, tariflarni oshirishdan voz kechilgan taqdirda, davlat budjetiga tushadigan yuklama ortadi, chunki bu ishlarni moliyalashtirish budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bu esa ijtimoiy soha, sog‘liqni saqlash va ta’limga ajratiladigan mablag‘larning qisqarishiga olib keladi.

Energetika vazirligi vakilining ma’lum qilishicha, elektr energiyasi va gaz tariflari o‘rtacha 10 foizga oshadi. Ijtimoiy me’yor doirasida — 200 kVt/soatgacha bo‘lgan iste’mol uchun tarif 8 foizga (600 so‘mdan 650 so‘mga), 200 dan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan iste’mol uchun esa 12 foizga (800 so‘mdan 900 so‘mga) oshadi.

Hukumatning o‘tgan yilgi qarori bilan 2026-yildan boshlab energoresurslar narxini har yili 1-maydan inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda, lekin 10 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda oshirish mexanizmi belgilangan. Yangi tariflar jadvali maishiy va yuridik shaxslar uchun alohida belgilangan.

Source: www.gazeta.uz