Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Aprel oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qariyb 3 milliard kubometr tabiiy gaz qazib olindi. Bu Statistika agentligining hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

Qazib olingan hajm o‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan 18,8 foizga (deyarli 700 million kubometrga) kam. Gaz ishlab chiqarishning pasayishi o‘tgan yilning oxiridan boshlab tezlashgan.

Yil boshidan buyon (yanvar-aprel oylarida) qazib olish hajmi taxminan 12,6 mlrd kubometrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning dastlabki to‘rt oyidagiga qaraganda 16 foizga yoki 2,4 mlrd kubometrga kam. 2019-yilning shu davri (20,8 mlrd) bilan solishtirganda esa qisqarish 8,2 mlrd kubometrni tashkil qildi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq Gazeta’ga bergan intervyusida pasayish kutilgan holat bo‘lganini, hozirda asosiy vazifa qazib olishni barqarorlashtirish va mavjud hajmlarni saqlab qolishdan iborat ekanini aytgandi.

To‘rt oylik umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning yanvar-aprel oylariga nisbatan 3,1 foizga (896,9 mln kVt/soat) oshib, 29,9 mlrd kVt/soatni tashkil etdi. Shu bilan birga, oylik solishtiruvda aprel oyida ishlab chiqarish hajmi 6 foizga kamayib, 6,9 mlrd kVt/soatga tushgan.

Aksariyati gaz (shuningdek, ko‘mir va gidroenergiya) bilan ishlaydigan yirik energiya ta’minoti korxonalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish yanvar-aprel oylarida 6,2 foizga kamaydi va 20,5 mlrd kVt/soatni tashkil qildi.

Ushbu yo‘qotishlar kichik korxonalar (jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalari, shuningdek, GESlar) tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish hisobiga qoplanmoqda — 9,3 mlrd kVt/soat, bu 2025-yilning yanvar-aprel oylaridagiga nisbatan 31,7 foizga ko‘p.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari 3,4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqargan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 794,4 mln kVt/soatga yoki 32 foizga ko‘p. Bunda quyosh fotoelektr stansiyalari (FES) hissasiga 1,88 mlrd kVt/soat, shamol elektr stansiyalari (SHES) hissasiga esa 1,54 mlrd kVt/soat to‘g‘ri keldi.

To‘rt oy ichida “yashil” energetikaning umumiy generatsiyadagi ulushi 11,4 foizga, faqat aprel oyining o‘zida esa 14,8 foizga yetdi.

Aprel oyida neft qazib olish hajmi 51,7 ming tonnagacha kamaydi (2025-yilning apreliga nisbatan 3,4 foizga kam). To‘rt oy ichida neft ishlab chiqarish 209 ming tonnagacha qisqardi (-2,5%).

Aprel oyida 104,3 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu 2025-yilning aprel oyiga nisbatan 21,7 foizga ko‘p. To‘rt oylik solishtiruvda o‘sish 7,1 foizni tashkil etdi — 417,5 ming tonna (+27,5 ming tonna).

Bir oy ichida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 199 ming tonnagacha oshdi (o‘tgan yilning apreliga nisbatan +38,9%). 2024-yilning yanvar-aprel oylari bilan solishtirganda 17,1 foizlik o‘sish kuzatilmoqda — 381 ming tonna.

Bir oylik ko‘mir qazib olish hajmi keskin kamaydi — 200 ming tonnagacha (-64,1%). Yil boshidan buyon esa ishlab chiqarish 27,7 foizga pasayib, 1,3 mln tonnani tashkil etdi.

Source: www.gazeta.uz