Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlari bilan uchrashuvida yangi o‘quv yilidan boshlab respublikadagi 326 ta musiqa va san’at maktabi pedagog xodimlarining ish haqi umumta’lim maktablari o‘qituvchilari maoshiga tenglashtirilishini e’lon qildi.

Uchrashuvda musiqa va san’at ta’limi tizimini rivojlantirish, shuningdek, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning mehnati munosib rag‘batlantirilishi ta’kidlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, umumta’lim va musiqa maktablari o‘qituvchilarining ish haqiga o‘quvchilarning musiqa asboblarini o‘zlashtirish darajasiga qarab 20 foizgacha ustama qo‘shiladi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilida kamida 1,5 million o‘quvchini musiqa va san’atga jalb etish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun 326 ta musiqa va san’at maktabi, 29 ta ixtisoslashtirilgan maktab va umumta’lim muassasalari o‘rtasida ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Musiqa va san’at maktablarining ijodiy jamoalari umumta’lim maktablarida muntazam ravishda konsert-tomosha dasturlari va mahorat darslarini tashkil etadi. Bundan tashqari, tuman, viloyat va respublika bosqichlarida teatr, orkestr, xor va raqs yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi.

Ushbu tanlovlarning g‘oliblariga ijodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, sahna bezaklari, liboslar va musiqa asboblarini sotib olish uchun 500 million so‘mgacha grantlar ajratiladi. Respublika bosqichi g‘oliblari esa madaniyat va san’at oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinadi.

Source: kun.uz