O‘zbekistonda adabiyot, madaniyat va san’at arboblarini qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichi boshlandi. Bu haqda prezidentning soha xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi. Ijodkorlar uchun yangi ijtimoiy, moddiy va ijodiy imkoniyatlar yaratiladi.
Davlat rahbari har yili kamida 50 ta eng yaxshi shoirlar va yozuvchilar asarlariga ijodiy buyurtma berish, o‘zbek adabiyotining 10 ta eng yaxshi asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va ularni xorijiy mamlakatlarda taqdim etishni taklif qildi.
Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan nashr etiladigan kitoblar uchun qog‘oz xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi. She’riyat va san’atni uyg‘unlashtirgan yosh iste’dodlarning loyihalari ham qo‘llab-quvvatlanadi: eng yaxshi 100 tashabbus davlat hisobidan moliyalashtiriladi.
Uchrashuvda ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilish choralari e’lon qilindi. Bundan buyon har yili ming nafar shoir, yozuvchi, madaniyat va san’at arboblariga uy-joy ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki to‘lovning 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Boshqa hududlardan kelgan soha xodimlarining uy-joy ijarasi xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi.
Bundan tashqari, har yili ming nafar faol soha arbobi davlat hisobidan bepul davolanadi, 2 ming nafar ijodkorga tibbiy sug‘urta paketlari beriladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga sanatoriyalarga bepul yo‘llanmalar ajratiladi.
Prezident o‘z nutqida adabiyot va san’atning milliy ruh va ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashdagi rolini ta’kidlab, xalqni ilhomlantiradigan, yoshlarda Vatanga muhabbat va millatga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytiradigan asarlar yaratish muhim vazifa ekanligini qayd etdi.
Source: kun.uz