Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

7-may kuni Namangan viloyati Uychi tuman sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 28 yoshli fuqaro I.M.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybli deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

Sud materiallariga ko‘ra, I.M. 2020-yil fevral oyida mavsumiy ishlash uchun Rossiyaga ketgan. 2022-yil noyabr oyida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Qamoqdan chiqish maqsadida 2025-yil 19-yanvar kuni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma imzolagan. Shartnomada oyiga 130 ming rubl maosh, 1,5 million rubl bir martalik mukofot, afv etilish va Rossiya fuqaroligini olish va’da qilingan.

Shundan so‘ng u Yekaterinburg viloyatidagi harbiy o‘quv maydonida 40 kunlik tayyorgarlikdan o‘tib, “oddiy askar” unvoni bilan xizmatga kirishgan. 2025-yil mart oyi boshlarida Kursk viloyatidagi harbiy harakatlarga yuborilgan va Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashgan.

Jangovar harakatlar vaqtida Ukraina harbiylari tomonidan uchirilgan dron portlashi oqibatida I.M. oyoqlaridan jarohat olgan. Davolanish va mehnat ta’tilidan so‘ng Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib, vatanga qaytish guvohnomasini olgan va 2025-yil 9-oktabr kuni O‘zbekistonga qaytgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi uning chap soni va ikki oyog‘ida metall parchalari hamda portlovchi qurol parchalari ta’sirida yuzaga kelgan jarohat izlari aniqlanganini ko‘rsatgan.

Sud majlisida I.M. aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirdi. Sud uning aybiga iqror bo‘lgani, chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, oilada yagona boquvchi ekani va qaramog‘ida keksa ota-onasi borligini yengillashtiruvchi holat sifatida baholadi. Shu sababli Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, modda sanksiyasida nazarda tutilmagan yengilroq jazo tayinlandi.

I.M. 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilinib, ish yoki o‘qish vaqtidan tashqari paytlarda uydan chiqishi taqiqlandi. U jazoni Namangan viloyati Uychi tumanidagi yashash manzilida o‘taydi. Shuningdek, unga ichki ishlar organlarining ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Namangan viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik majburiyati yuklatildi.

Source: www.gazeta.uz