Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda maishiy kimyo yo‘nalishida kamida 100 ta brend mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2-iyun kuni kimyo sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Rasmiylar hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakatga har yili 300 million dollarlik maishiy kimyo mahsulotlari import qilinadi. Mintaqada ushbu mahsulotlar bozorining hajmi esa 2 milliard dollarga baholanmoqda.

Bunga misol tariqasida “Angren” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan va dunyoga mashhur Henkel kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan tadbirkor keltirib o‘tildi. Hozirda Henkel ushbu korxonani sotib olgan bo‘lib, bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni MDH mamlakatlari bozoriga yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Bunday loyihalar sonini ko‘paytirish maqsadida Toshkentdagi sanoat zonalaridan birining maydonlari maishiy kimyo loyihalari uchun ajratiladi. Bundan tashqari, ishga tushirilgan korxonalarni keyinchalik tayyor daromadli biznes sifatida brendi bilan birga xususiy sektorga sotish sharti bilan loyihalarga 50 million dollar yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Boshqa hududlardagi shu kabi loyihalarga esa Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan 15 million dollar ajratiladi. Umuman olganda, mas’ul shaxslarga maishiy kimyo sohasida kamida 100 ta yangi brend ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Tahlillarga ko‘ra, dunyoda ularga bo‘lgan talab yiliga 5 foizga o‘sib bormoqda va 2030-yilga borib 260 milliard dollardan oshadi. Ayniqsa, yangi agrotexnologiyalar joriy etilishi hisobiga suvda eruvchan o‘g‘itlarga ehtiyoj tez sur’atlar bilan ortmoqda.

Investorlar bilan olib borilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida qiymati 114 million dollar, yillik quvvati 230 ming tonna bo‘lgan loyihani hamda Sirdaryo viloyatida qiymati 400 million dollarlik loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Umuman olganda, soha mas’ullari va hokimlar oldiga yaqin uch yilda qiymati 2,8 milliard dollarlik 42 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Ushbu loyihalar hisobiga 2030-yilgacha azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 2,8 million tonnadan 4 million tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 400 ming tonnadan 900 ming tonnaga, suvda eruvchan o‘g‘itlarni esa 100 ming tonnadan 400 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Bundan avval davlat rahbari kimyo tarmog‘i mahsulotlari ichki talabning hatto 60 foizini ham qoplamayotgani, import hajmi esa yiliga 4,5 milliard dollarga yetganini ta’kidlagan edi. Prezident “Navoiyazot” korxonasi yaqinida qiymati 1 milliard dollarlik kichik tonnajli kimyo yo‘nalishidagi 10 ta loyihani ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash loyihalari ham rejalashtirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz