O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Universal Mobile Systems” MChJ (MobiUz) xususiylashtirish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini e’lon qildi.
Jarayonda AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi davlatlari, Yevropa va Janubiy Kavkazdan 15 dan ortiq investorlar ishtirok etdi.
Eng yaxshi taklifni jalb qilish maqsadida jarayon raqobatbardosh tarzda tashkil etildi. Natijada McKim and Company boshchiligidagi moliyaviy investorlar konsorsiumi va texnologik hamkor JVR Enterprises LLC (AQSh) taklifi tanlandi.
Taklifga ko‘ra, MobiUz qiymati $351 million deb baholanadi va kompaniyani rivojlantirish uchun $500 milliongacha sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.
Agentlik bitim EV/EBITDA multiplikatori 7,4x darajasida baholanganini ta’kidlab, bu mustaqil baholovchi ko‘rsatkichidan ancha yuqori ekanini qayd etdi.
Bitimni yakunlash uchun tartibga soluvchi organlarning ruxsati va korporativ protseduralar bajarilishi talab etiladi.
Source: uznews.uz